Murojaatchining ma’lum qilishicha, Kichik halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida, Avtozapchastlar bozori oldida joylashgan chinor daraxti qariyb bir yildan buyon suvsiz qolgan. Bundan tashqari, uning atrofi beton bilan qoplangan. Bu esa daraxt ildizlariga suv va havo yetib borishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Fuqaroning ta’kidlashicha, mazkur hududdagi daraxtlarni asrab-avaylash masalasi yuzasidan mas’ul tashkilotlarga avval ham bir necha bor murojaat qilingan. Biroq hozirgacha muammoni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmagan.

Murojaatchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49, 61 va 62-moddalariga asoslanib, mas’ul tashkilotlardan chinor daraxtini saqlab qolish uchun zarur choralar ko‘rishni so‘ramoqda. Jumladan:

  • daraxt atrofidagi 2,5 × 2,5 metr maydonni beton qoplamadan tozalash;

  • uning ildiz qismiga yetarli miqdorda suv yetkazilishini ta’minlash;

  • daraxt tagiga o‘rnatilgan bankomatni boshqa joyga ko‘chirish.

Ko‘p yillik daraxtlar shahar ekologik muhitini yaxshilash, havoni tozalash va aholi uchun qulay yashash sharoitini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois ularning saqlanishi nafaqat ekologik mas’uliyat, balki tegishli tashkilotlarning ham vazifasidir.

Endi savol: Uchtepa tumanidagi ushbu chinorning qurib borishiga sabab bo‘layotgan holatlarni kim o‘rganadi va uni saqlab qolish uchun qachon amaliy choralar ko‘riladi?

Mas’ul tashkilotlardan murojaatni o‘rganib chiqish, daraxtning holatiga mutaxassislar baho berishi hamda uni saqlab qolish yuzasidan zarur choralar ko‘rish so‘raladi.