Amudaryo va Orol – bu shunchaki geografik nomlar emas, bu butun bir tarix, hayot, dard va umid ramzidir. Bir vaqtlar Amudaryo bo‘ylari hayot bilan qaynab turardi, uning suvlari nafaqat dalalarni, balki odamlarning qalblarini ham quvonchga to‘ldirardi. Orol dengizi bu hayotning yuragi edi. Kemalar suvda erkin suzardi, bolalar qirg‘oqda quvnoq yugurishardi, baliqchilar tongni duolar bilan kutib olishardi. Hammalari bir tuyg‘u – umid birlashtirardi. Ammo bugungi manzara mutlaqo boshqacha. Orol – qurigan. Uning o‘rnida faqat qum va tuz qolgan, xuddi so‘ngan umidlar ramzidek. Har safar shamol esganida, qum bo‘roni ko‘zni ham, qalbni ham jarohatlaydi. Bir vaqtlar hayot manbai bo‘lgan dengiz endi eslatmaga aylandi — insonning tabiatga befarqligi qanday fojiaga olib kelishi mumkinligining yorqin namunasi.
Bugun Orol atrofi cho‘lga aylangan. U yerda yomg‘ir emas, chang yog‘adi, suv emas, ko‘z yoshlari oqadi. Va menda doimo bir savol bor: "Bu qanday ro‘y berdi?" Bu fojia o‘zi bilan nafaqat tabiatni, balki odamlarning orzularini, bolalarning quvonchini, baliqchilarning hayotini olib ketdi. Orol quriganidan so‘ng, uning tubi ulkan sho‘rxok cho‘lga aylandi.
Buvim doimo aytardilar: "2016-yilgacha suv yetarli edi. Hamma xursand edi, odamlar suvni saxiy tuhfa deb qabul qilishardi. Ammo keyin suv kamaydi va bizda ham u sezilarli darajada kamaydi". Eng hayratlanarlisi shundaki, u yerda hali ham odamlar yashaydi. Ular hali ham Orolning qayta tiklanishidan umidvor. Ular dengiz yana suv bilan to‘lishiga va hayot yana qaynashiga ishonishadi. Bu umid menga ham o‘tdi.
Kelajak – bizning qo‘limizda! Agar biz tabiat oldida mas’uliyatli bo‘lsak va unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lsak, Orolda hayot yana gullab-yashnaydi. Bu nafaqat Orol masalasi – bu biz haqimizda, kelajak haqida, farzandlarimiz haqida. Suv – bu shunchaki daryo emas, bu hayot yuragidir. Uni saqlab qolish – bizning umumiy burchimiz!
Aysara Asharova


