2025-yilning may oyida Jombosqala shaharchasidagi 39- va 41-maktab o‘quvchilari "Orol bo‘yi dunyosi" xayriya jamg‘armasi, Ekolog.uz va O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan ekologik xabardorlik dasturida ishtirok etishdi. Orol bo‘yi hududida – cho‘llanish chegarasida yashovchi o‘quvchilar iqlim o‘zgarishi haqidagi shaxsiy tajribalariga asoslangan insho va hikoyalar yozishdi. Ushbu matnda ekologiya Janilning samimiy so‘zlari orqali yoritiladi.

Zamonaviy dunyoda sanoat va texnologiyalarning rivojlanishi bilan bir qatorda chiqindilar hajmi keskin ortib bormoqda. Ayniqsa, plastmassadan keng foydalanish uning atrof-muhit va inson salomatligiga ta’sirini kuchaytirmoqda. BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda dunyoda 430 million tonnadan ortiq plastmassa ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, ushbu mahsulotning 50 foizini bir martalik buyumlar tashkil etadi va ularning atigi 9 foizi qayta ishlanadi. Qolgan qismi asosan chiqindixonalarga tashlanadi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri atrof-muhitga tushadi. So‘nggi yillarda plastmassa inson organizmiga ham ta’sir qilishi isbotlangan. 2022-yilda niderlandiyalik olimlar birinchi marta inson qonida mikroplastmassani aniqladilar. Mikroplastmassalar organizmga havo, suv va oziq-ovqat orqali kirib, yurak-qon tomir, endokrin va onkologik kasalliklar xavfini oshiradi. Ular, shuningdek, gormonal balans va immunitet tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, dunyoning ko‘plab mamlakatlari plastik muammosiga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda. Masalan, 2017-yilda Keniya plastik paketlarni taqiqladi. O‘zbekistondagi vaziyatga kelsak, O‘zbekiston Respublikasining "Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonuniga muvofiq chiqindilarni boshqarish bo‘yicha huquqiy baza yaratilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasiga muvofiq, chiqindilarni noqonuniy joylashtirganlik uchun jismoniy shaxslarga 223 ming so‘mgacha jarima nazarda tutilgan. 2020-yildan buyon "Toza Hudud" DUK plastik chiqindilarni yig‘ish va saralash ishlarini boshladi, biroq aholining ekologik madaniyati hali ham past darajada. Plastmassani alohida yig‘ish va qayta ishlash tizimi hali yo‘lga qo‘yilmagan. Plastik chiqindilar bugungi kunda global ekologik muammoga aylangan.
Janil Ismailova