WARC|13

Orol nolasi

2025-yilning may oyida Jombosqala shaharchasidagi 39- va 41-maktab o‘quvchilari "Orol bo‘yi dunyosi" xayriya jamg‘armasi, Ekolog.uz portali va O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan ekologik xabardorlik dasturida ishtirok etdilar. Orol bo‘yi hududida – cho‘llanish chegarasida yashovchi o‘quvchilar iqlim o‘zgarishi haqidagi shaxsiy kechinmalariga asoslangan insho va hikoyalar yozishdi. Ushbu matnda Ma’rufaning samimiy so‘zlari orqali Orol fojiasi ochib beriladi.

Orol nolasi



Bir vaqtlar Amudaryo to‘lqinlari nafaqat yerga hayot baxsh etgan, balki odamlar qalbida umid uyg‘otgan. Orol qirg‘oqlarida hayot qaynab turardi: baliqchilar tongni duolar bilan kutib olishardi, bolalar quvnoq o‘ynashardi, kemalar suv kengliklarini kezib yurardi. Biz uchun Orol shunchaki suv havzasi emas, balki hayotning o‘zi manbai edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1960-yillargacha Orol dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l hisoblangan: uning maydoni 68 ming kvadrat kilometr, suv hajmi esa 1 064 kub kilometrni tashkil etgan. Biroq 1960-yillardan boshlab, Amudaryo va Sirdaryo suvlarining paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi dalalariga ommaviy ravishda yo‘naltirilishi natijasida dengiz quriy boshladi.

Bugun Orol qumga ko‘milgan cho‘lga aylangan. To‘lqinlar o‘rnida – bo‘ronlar, baliqchilar o‘rnida – sukunat. Dengizning yo‘qolishi nafaqat baliqchilarning hayotini, balki minglab odamlarning orzularini ham quritti. Bu fojia kasalliklar o‘sishiga olib keldi, tabiat va insonlarga zarar yetkazdi, yerlarning sho‘rlanishiga va cho‘lga aylanishiga sabab bo‘ldi. Bularning barchasi bizga suvni qadrlash va tabiatni asrash qanchalik muhimligini eslatib turibdi.

Biz Orolni qaytara olamiz, umid bor. Agar birgalikda harakat qilsak, dengiz yana shovullaydi, hayot qayta tug‘iladi. Ishonchni yo‘qotmang – axir biz Orolni faqat o‘z qo‘llarimiz bilan qutqara olamiz.

Ma’rufa Aytbayeva