2025-yilning may oyida Jombosqala shaharchasidagi 39- va 47-maktab o‘quvchilari "Orol bo‘yi dunyosi" xayriya jamg‘armasi, Ekolog.uz va O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan ekologik ta’lim dasturida ishtirok etishdi. Orol bo‘yi hududida – cho‘llanish chegarasida yashovchi o‘quvchilar iqlim o‘zgarishini qanday his qilishlari haqida shaxsiy tajribalarga asoslangan insho va hikoyalar yozishdi. Ushbu matnda ekologiya Dinaraning samimiy so‘zlari orqali ochib beriladi.

Suv – hayot yuragi, tabiatning nafasi va insoniyatning eng katta boyligidir. Agar suv bo‘lmasa, nima qilamiz? Yuvinmaymizmi? Choy ichmaymizmi? Nafas olmaymizmi? Suv – tabiatning "erka" qilig‘i emas, balki insoniyatning tayanchi. Ammo bu qadriyatni "tuganmas resurs" deb bilib, biz o‘zimizga o‘zimiz go‘r qaziyapmiz.
Bugungi kunda, ayniqsa Qoraqalpog‘iston hududida, bu boylik tobora tanqis bo‘lib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2025–2050-yillarga kelib Amudaryo havzasidagi suv hajmi 15 foizgacha kamayishi mumkin. Ushbu statistika haqida o‘ylar ekansiz, suv tomoqdan qiyin o‘tayotganini sezasiz. Bu shunchaki ogohlantirish emas – bu allaqachon boshlangan muammo. Qishloq tumanlarida bog‘larni sug‘orish uchun suv yetmaydi, ko‘chalardagi daraxtlar qurib bormoqda. Suv biz uchun hayotiy muhim resurs bo‘lishdan to‘xtab, inson befarqligidan aziyat chekayotgan "narsa"ga aylandi.
Bir vaqtlar dunyoda kattaligi bo‘yicha Kaspiy, Yuqori ko‘l va Viktoriya ko‘llaridan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallagan Orol dengizi – bu muammoning eng fojiali namunasi bo‘lib qoldi. Manbalarga ko‘ra, 1960-yillarda uning maydoni 68 000 km² ni tashkil etgan bo‘lsa, 2010-yilga kelib u 13 900 km² gacha qisqardi.
Endi-chi? Cho‘l. Tuz. Chang. Bu fojia emas – bu ogohlantiruvchi signal. "Yashil makon" – bu shunchaki loyiha emas. Bu niyat. Nafas. Har bir ekilgan daraxt – bu soya, salqinlik va hayot belgisi. Suv – bu hayot. Bizning shiorimiz shunday bo‘lishi kerak: ichganingda o‘yla, yashaganingda o‘yla. Agar suv bo‘lmasa – na men, na sen, na biz bo‘lamiz. Suvni tejashni o‘zingdan boshla – shunda u eng olis qishloqlargacha yetib boradi.
Dinara Matrasulova