O‘rmonlar – bu sayyoramizning o‘pkasidir. Daraxtlar zararli gazlarni yutib, kislorod chiqaradi. Shuning uchun yashil hududlarning qisqarishi havodagi kislorod miqdorining kamayishiga va karbonat angidrid miqdorining ortishiga olib keladi. O‘rmonlarni kesish xavfi XVIII–XIX asrlarda, sanoat va qishloq xo‘jaligining kengayishi tabiatga sezilarli zarar yetkazgan paytda faol namoyon bo‘la boshladi. Bugungi kunda O‘zbekistonning ayrim hududlarida havo ifloslanishi dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Lekin nega umuman daraxtlar kesiladi?
Biz bilamizki, yog‘och sanoatda mebel va qog‘oz ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Qishloq joylarda odamlar daraxtlardan uylarni isitish uchun yoqilg‘i sifatida foydalanadilar. Afsuski, so‘nggi paytlarda biz atrofimizda daraxtlarni kesish ko‘lami oshayotganini tez-tez kuzatmoqdamiz. Gazeta.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning to‘qqiz oyi davomida daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq 2500 ga yaqin holat qayd etilgan. O‘zbekistonda yanvardan sentyabrgacha noqonuniy kesish bilan bog‘liq 2427 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Bundan tashqari, Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklarni yig‘ish, shuningdek, o‘rmon fondi uchastkalarini noqonuniy ijaraga olish holatlari ham qayd etilgan.
Bunday qoidabuzarliklarga qarshi kurashish chorasi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-son qarori bilan daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima sanksiyalari nazarda tutilgan. Masalan, pavlovniya daraxtini kesganlik uchun 8 250 000 so‘m miqdorida jarima undiriladi. Bunday holatlar chuqur afsus uyg‘otadi. Agar har birimiz ona tabiatimiz ravnaqiga hissa qo‘shsak, bunday qoidabuzarliklar soni kamayadi. Axir tabiat – hayot yuragidir. Uni asrash – kelajagimizni asrash demakdir.
Sabina Ibragimova


