Uchuvchilar shaharchasidagi maydonda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari mahalliy aholi va ekologiya faollarining e’tiborini tortdi. Fuqarolarning ma’lum qilishicha, hududdagi bir qator daraxtlarning atrofi beton bilan qoplab tashlangan.

Fotosuratlarda daraxt tanalari atrofidagi tuproq qismi beton bilan yopilgani, natijada ildizlarning nafas olishi va tabiiy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan maydon keskin qisqargani ko‘rinadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, daraxtlar atrofini to‘liq betonlash ularning oziqlanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yomg‘ir va sug‘orish suvlari tuproqqa yetib bormasligi, ildiz tizimining zararlanishi hamda daraxtlarning asta-sekin qurib qolish xavfini oshiradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yashil hududlarni asrash, daraxtlarni muhofaza qilish va shahar ekologiyasini yaxshilash bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Shu bois obodonlashtirish ishlari ekologik talablar asosida amalga oshirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy aholi va jamoatchilik vakillari tegishli tashkilotlardan ushbu holatni o‘rganib chiqish, daraxtlarning holatiga baho berish hamda ularni saqlab qolish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni so‘ramoqda.
Daraxtlar shahar ekologiyasining muhim qismi bo‘lib, havoni tozalash, issiq iqlim ta’sirini kamaytirish va aholi uchun qulay muhit yaratishda katta ahamiyatga ega. Shu sababli har bir daraxtni asrash va ularga zarar yetkazmaslik umumiy mas’uliyat hisoblanadi.