O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarini Isroil Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo va Kavkaz departamenti direktori Reut Shafir Ben Naftali kutib oldi. Uchrashuv davomida departament direktori O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yaxshi rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, uning Toshkentga qilgan so‘nggi safari juda yaxshi taassurotlar va unutilmas xotiralarga boy bo‘lganini qayd etdi.
U O‘zbekistondan tashrif buyurgan suv sohasi mutaxassislari va olimlari uchun dastur doirasida Isroilning davlat tashkilotlari, ilmiy muassasalari hamda xususiy sektorning yetakchi vakillari bilan uchrashuvlar, turli tashkilotlarga tashriflar, ekspertlar bilan muloqotlar va amaliy muhokamalar tashkil etilganini ma’lum qildi.


Vazirlikdagi uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vazirlikning Iqtisodiyot bo‘limi xodimlari Hila Ingelhard va Rafi Kaspi, shuningdek, MASHAV loyihasi direktori o‘rinbosari Irit Savion bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvda Iqtisodiyot bo‘limi xodimi Hila Ingelhard iqtisodiy rivojlanish uchun suv resurslarining naqadar muhim ekaniga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, suv bilan bog‘liq muammolarni hal etish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va yangi yechimlarni joriy etish borasida Isroil olimlari hamda mutaxassislari doimiy ravishda izlanish olib bormoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi kundan-kunga kuchayib borayotgan bir paytda, cho‘l va qurg‘oqchil hududlarga ega bo‘lgan Isroil uchun suv masalasi doimo kun tartibining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Uchrashuvni davom ettirgan MASHAV loyihasi direktori o‘rinbosari Irit Savion MASHAV faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. MASHAV — Isroil Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro taraqqiyot hamkorligi agentligi bo‘lib, uning asosiy maqsadi Isroilning rivojlanish tajribasi, bilimlari va zamonaviy texnologiyalarini boshqa davlatlar bilan bo‘lishish orqali ularning ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat.

MASHAV 1957–1958-yillarda, Isroilning o‘zi hali rivojlanayotgan davlat bo‘lgan davrda tashkil etilgan. Bugungi kunda u xalqaro tajriba va bilim almashishning muhim platformalaridan biriga aylangan.
MASHAV oddiygina moliyaviy yordam ko‘rsatadigan tashkilot emas. Uning asosiy yondashuvi — bilim va tajribani o‘rgatish, mahalliy mutaxassislarning salohiyatini oshirish va ularni kelgusida o‘z bilimlarini boshqalarga yetkazishga tayyorlashdir. Shu sababli dasturlarda “training of trainers”, ya’ni “trenerlarni tayyorlash” tamoyiliga katta e’tibor qaratiladi.
MASHAV doirasidagi kurs va treninglar Isroilda ham, hamkor davlatlarning o‘zida ham tashkil etiladi. Shuningdek, zaruratga qarab Isroil mutaxassislari boshqa davlatlarga tashrif buyurib, maslahat va amaliy yordam ko‘rsatishi mumkin.
MASHAV faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qatoridan qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va innovatsiyalar, tibbiyot va jamoat salomatligi, ta’lim, ayollar imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahalliy hamjamiyatlarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar o‘rin olgan. Ularning aksariyati Isroilning o‘zida katta tajriba va amaliy natijalar to‘plangan sohalar hisoblanadi.

Xususan, suv tanqisligi sharoitida mavjud resurslardan samarali foydalanish Isroil tajribasining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. MASHAV dasturlari orqali xorijiy mutaxassislarga qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish, suvni tejash, qurg‘oqchil hududlarda hosildorlikni oshirish va zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish bo‘yicha treninglar tashkil etiladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari ham MASHAVning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiradi.
MASHAV orqali turli mamlakatlardan davlat xizmatchilari, mutaxassislar, olimlar, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari Isroilga tashrif buyurib, qisqa muddatli xalqaro kurslarda qatnashish imkoniyatiga ega. Dasturlar, avvalo, hamkor mamlakatlarning ehtiyojlari va mavjud muammolaridan kelib chiqib shakllantiriladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, MASHAV tashkil etilganidan buyon 140 dan ortiq mamlakatda faoliyat olib borgan va yuz minglab mutaxassislarning turli yo‘nalishlarda malakasini oshirishga ko‘maklashgan.
Shu ma’noda, MASHAVni qisqacha qilib “Isroilning xalqaro tajriba va bilim almashish dasturi” deb tushuntirish mumkin. Ya’ni Isroil o‘zida muvaffaqiyatli qo‘llanilgan texnologiyalar, tajriba va metodikalarni boshqa mamlakatlar mutaxassislariga o‘rgatadi, ayrim hollarda esa loyihalarni joylarda amalga oshirishga ham ko‘maklashadi. MASHAV faoliyati BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang ravishda olib boriladi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Isroilga tashrifi doirasida ayniqsa suv resurslarini boshqarish va suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tajribalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi va aholi ehtiyojining ortib borishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish nafaqat Isroil, balki O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masalalardan biridir.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga tegishli javoblar oldilar. Tomonlar suv resurslarini boshqarish, ekologik barqarorlik va zamonaviy texnologiyalar sohasida tajriba almashish hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Feruzbek Sayfullayev


