2011-yil mart oyida Fukusima-1 atom elektr stansiyasida avariya yuz berdi. Yaponiya hukumati stansiya atrofidagi 20 kilometr radiusdagi hududni evakuatsiya qilish haqida qaror chiqardi. Bir necha kun ichida qariyb 154 ming kishi taqiqlangan hududni tark etdi. Odamlar uylarini, chorvasini, yillar davomida orttirgan barcha narsalarini tashlab ketishdi. Shunday qilish kerak edi. Boshqa yo‘l yo‘q edi.
52 yoshli fermer Naoto Matsumura ham boshqalar qatori hududni tark etdi. U qo‘shni shaharchada yashaydigan qarindoshlarinikiga yetib bordi, tunab qoldi, ammo keyin harbiy nazorat punktidan yashirincha o‘tib, ortga qaytdi.
Sababi esa bitta edi: u xotirasida bir narsani ko‘rdi — temir zanjirni. Qo‘shnilarining iti ana shu zanjirga bog‘langan edi. Egalari shoshilinch ravishda ketishgan — hamma shoshilinch ravishda ketayotgan edi — va it o‘sha yerda qolib ketgandi. Suvsiz, ovqatsiz, zanjirga bog‘langan holda.
Matsumura aynan o‘sha it uchun qaytib keldi. Qishloqqa kirganida esa bunday itlar o‘nlab ekanini ko‘rdi. Mushuklar ham hamma joyda edi. Molxonalar ichida qamalib qolgan sigirlar esa bir necha kundan beri ozuqasiz, qorong‘ilikda qolgan edi.
U qolishga qaror qildi. Avvaliga bir necha kunga — hayvonlarni boqish, suv berish va bog‘ichlarini yechib yuborish uchun. Keyin bu bir necha haftaga cho‘zildi. Oxir-oqibat u shuni tushundi: bu hayvonlarga yordam beradigan boshqa hech kim yo‘q edi. Ketishi kerak bo‘lgan joydan ko‘ra, qolishi kerak bo‘lgan joyi aniqroq edi.
Hukumat vakillari u haqida bilishardi. Ular bir necha marta kelib, hududni tark etishini aytishdi. Taqiqlangan hududda yashash rasman qonunbuzarlik hisoblanardi. Ammo uni hech kim hibsga olmadi. Nazarimda, radiatsiya tarqalgan hududda tashlab ketilgan hayvonlarni boqayotgan odamga qarshi chiqishga hech kimning yuragi dov bermagan.
Har kuni ertalab Matsumura eski pikapiga yem-xashak solib yo‘lga chiqardi. Mushuklar, itlar, qo‘shni fermada omon qolgan tuyaqushlar, och holda qo‘ralarda qolib ketgan cho‘chqalar — ularning barchasi uchun ozuqa olib borardi.
Uning dozimetr qurilmasi bor edi. Ko‘rsatkichlarni ko‘rardi. Va baribir o‘z ishini davom ettirardi.
2013-yilga kelib yapon jurnalistlari uning oldiga yetib borishdi va u haqida reportaj tayyorlashdi. Shundan so‘ng «Fukusima qo‘riqchisi» nomi bilan tanilgan bu inson haqida butun dunyo bilib oldi.
Intervyularidan birida u shunday degan edi:
«Agar men ketsam, ularni hech kim boqmaydi. Men bo‘lmasam, kim?»
Men bu gapni o‘qib, uzoq vaqt o‘ylanib o‘tirdim. U radiatsiya haqida hamma narsani tushunardi. Xavflarni ham bilardi. Shunga qaramay, begona odamning zanjirga bog‘langan iti uchun ortga qaytdi.
Ba’zan shunday odamlar boshqalardan boshqacharoq yaratilgandek tuyuladi — bunday vaziyatlarda hech qanday mantiq ishlamaydi. Yaxshiyamki, shunday insonlar bor.
2023-yilga kelib ham Matsumura taqiqlangan hududda yolg‘iz yashashda davom etayotgan edi.


