Bunday vaziyatda faqat shifokorlarning harakati yetarli bo‘lmasligi mumkin. Kasallik qayerdan paydo bo‘ldi? Uni hayvonlar orasida kim kuzatdi? Atrof-muhitda qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Iqlim sharoiti bunga ta’sir qildimi? Bu savollarga javob topish uchun tibbiyot, veterinariya, ekologiya, laboratoriya va epidemiologiya mutaxassislari birgalikda ishlashi kerak.

Bugun dunyoda biologik xavflar va yangi infeksiyalar paydo bo‘lish ehtimoli ortib borayotgan bir paytda bu yondashuv tobora muhimlashmoqda. Chunki inson salomatligini hayvonlar va atrof-muhit salomatligidan alohida ko‘rib bo‘lmaydi.

Ana shu masalalar 14–15 sentabr kunlari Bishkek shahrida o‘tkazilayotgan “Yagona salomatlik – 2026” ikkinchi yillik mintaqaviy konferensiyasida muhokama qilinmoqda.

Tadbirda Markaziy Osiyoning besh davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari, xalqaro tashkilotlar, olimlar, veterinariya hamda jamoat salomatligi mutaxassislari qatnashmoqda.

“Yagona salomatlik” yondashuvining asosiy g‘oyasi oddiy: kasallik odamlar orasida tarqalishini kutib o‘tirmasdan, xavfni undan oldin ko‘rish.

Ayrim zoonoz kasalliklar hayvonlardan odamlarga yuqishi mumkin. Shuning uchun kasallik insonda aniqlanganidan keyin emas, hayvonlar orasida paydo bo‘lgan dastlabki bosqichidanoq kuzatuv olib borish muhim. Buning uchun veterinariya xizmati, tibbiyot, epidemiologiya, ekologiya va laboratoriyalar o‘rtasida doimiy axborot almashinuvi zarur.

Konferensiyaning asosiy jihati ham shunda: “Yagona salomatlik” tamoyillarini faqat muhokama qilish emas, ularni amaliyotga tatbiq etish yo‘llarini izlash.

Iqlim o‘zgarsa, kasalliklar ham o‘zgaradimi?

Iqlim o‘zgarishi haqida gap ketganda, odatda haroratning oshishi, qurg‘oqchilik yoki suv tanqisligi haqida o‘ylaymiz. Ammo masalaning yana bir tomoni bor: iqlimdagi o‘zgarishlar kasalliklarning tarqalishiga qanday ta’sir qiladi?

Harorat va yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi ayrim kasallik tashuvchilari — masalan, chivin va kanalar — uchun qulay sharoit yaratishi yoki ularning yashash hududlarini o‘zgartirishi mumkin. Suv tanqisligi esa sanitariya, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligi bilan bog‘liq qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltiradi.

Iqlimdagi o‘zgarishlar hayvonlarning yashash hududlariga ham ta’sir qiladi. Hayvonlarning yangi hududlarga ko‘chishi yoki odamlar bilan aloqasining ortishi ayrim zoonoz kasalliklarning yuqish xavfini kuchaytirishi mumkin. Shu sababli bugun epidemiologik xavfni baholashda faqat shifoxonalardagi bemorlar soniga qarash yetarli emas. Iqlim, hayvonlar salomatligi va atrof-muhitdagi o‘zgarishlar ham sog‘liq xavfsizligining muhim ko‘rsatkichlariga aylanmoqda.

O‘zbekistonda xavfni qanday kuzatishmoqda?

O‘zbekistonda ham yuqumli kasalliklarni erta aniqlash va biologik xavflarga javob berish tizimlari takomillashtirilmoqda. 
Sanepidqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 102 turdagi yuqumli kasallik rasmiy hisobga olinadi. Ular orasida virusli gepatit A, brutselloz, salmonellyoz va o‘tkir respirator infeksiyalar bor.

So‘nggi yillarda yuqumli kasalliklarni elektron monitoring qilish tizimi joriy etilib, kasallanish holatlarini yagona elektron bazada kuzatish imkoniyati yaratildi. Bu tizim kasalliklarning tarqalish dinamikasini tezroq aniqlash va zarur choralarni belgilash uchun muhim. Biroq “Yagona salomatlik” yondashuvi insonlardagi kasalliklarni kuzatish bilan cheklanmaydi. Hayvonlarda yuzaga kelayotgan kasalliklar haqida ma’lumot ham o‘z vaqtida olinishi kerak.

Shu maqsadda Sanepidqo‘m va Veterinariya xizmati o‘rtasida odamlar va hayvonlarda uchraydigan kasalliklar bo‘yicha axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, brutselloz kabi kasalliklarning o‘choqlari veterinariya mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rganilmoqda.  

Mutaxassislar qayd etishicha, O‘zbekistonning xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari bo‘yicha tayyorgarlik darajasi 74 foizni tashkil etadi. Xavflarni baholashning xalqaro instrumentlari ham amaliyotga kiritilgan. Nukus va Termiz shaharlarida esa mintaqaviy tezkor harakat markazlari tashkil etilgan.

Bular epidemik xavf yuzaga kelganida vaziyatni tez baholash va zarur choralarni ko‘rish imkonini kengaytiradi. 

Shu bilan birga, oldinda turgan vazifalar ham kam emas. Hududlarni zamonaviy axborot texnologiyalari bilan to‘liq ta’minlash, zoonoz kasalliklar ustidan genomik nazoratni kuchaytirish, laboratoriyalar imkoniyatlarini kengaytirish hamda milliy vaksina va zardoblar ishlab chiqarish salohiyatini oshirish zarur.

Qirg‘iziston “Yagona salomatlik”ning yangi bosqichiga o‘tmoqda

Bishkekdagi konferensiyaning muhim yangiliklaridan biri — Qirg‘izistonda “Yagona salomatlik” dasturining birinchi bosqichiga rasmiy start berilishi.

Dastur doirasida zoonoz kasalliklarning oldini olish, antimikrob rezistentlikka qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish, laboratoriyalar va epidemiologik kuzatuv tizimlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Konferensiyada Qirg‘izistonning “Yagona salomatlik” bo‘yicha milliy strategiyasi va uni amalga oshirish yo‘l xaritasi ham taqdim etilmoqda. Bu hujjatlar mamlakatda inson, hayvon va atrof-muhit salomatligi bilan bog‘liq xavflarga yagona yondashuvni shakllantirishga qaratilgan.

Besh davlat — umumiy xavf


Markaziy Osiyo davlatlari oldidagi muammolarning ko‘pi umumiy. 

Kasalliklar davlat chegaralarini tanlamaydi. Hayvonlar, odamlar, oziq-ovqat va boshqa omillar orqali xavf bir mamlakatdan boshqasiga o‘tishi mumkin.

Shu sababli mintaqada nafaqat milliy, balki umumiy monitoring tizimlarini rivojlantirish, ma’lumotlarni tezkor almashish va zarur holatlarda birgalikda harakat qilish muhim. Konferensiya doirasida “Yagona salomatlik” bo‘yicha Mintaqaviy muvofiqlashtirish kengashining yig‘ilishi ham o‘tkazilmoqda. Unda mintaqaviy ish rejasi va kelgusi yillar uchun ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda.

Ilmiy seminarlar davomida esa yangi sog‘liq xavflari, iqlim o‘zgarishi va zoonoz kasalliklar o‘rtasidagi bog‘liqlik, ilmiy tadqiqotlarning amaliyotdagi ahamiyati ko‘rib chiqilmoqda.


Bu faqat tibbiyot masalasi emas

Konferensiya Qirg‘iziston hukumati ko‘magida Markaziy Osiyo Mintaqaviy Ekologik Markazi — CAREC va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yagona salomatlik” qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan. Tadbirga Jahon banki moliyaviy, FAO, UNEP, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti esa texnik jihatdan ko‘mak bermoqda.

Xalqaro tashkilotlarning jarayonga jalb etilishi ham “Yagona salomatlik” masalasi birgina tibbiyot tizimining vazifasi emasligini ko‘rsatadi. Chunki epidemiya xavfi shifoxonadan tashqarida ham shakllanishi mumkin: fermada, yaylovda, suv havzasida, yovvoyi tabiatda yoki o‘zgarayotgan ekologik sharoitda.

Eng muhim savol — signalni vaqtida ko‘ra olamizmi?

Kelajakdagi pandemiyaga tayyorgarlik faqat yangi laboratoriyalar qurish yoki vaksina ishlab chiqarish bilan o‘lchanmaydi. 

Muhimi — turli sohalarda paydo bo‘layotgan ma’lumotlarni birlashtirish.

Veterinariya mutaxassisi hayvonlar orasidagi kasallikni ko‘radi. Epidemiolog odamlar orasidagi o‘zgarishni kuzatadi. Ekolog tabiatdagi siljishlarni qayd etadi. Laboratoriya esa infeksiyaning xususiyatlarini aniqlaydi.

Agar bu ma’lumotlar alohida qolsa, xavfning umumiy manzarasini ko‘rish qiyin. Ammo ular bir tizimda birlashtirilsa, kasallik keng tarqalishidan oldin xavf haqida signal olish imkoniyati oshadi.

Bishkekdagi konferensiyaning asosiy maqsadi ham shunga borib taqaladi: pandemiya boshlanganidan keyin unga javob berish emas, pandemiyaga aylanishi mumkin bo‘lgan xavfni undan oldin ko‘rish.

Chunki ba’zan eng muhim ogohlantirish odamlar orasidagi kasallanishdan emas, undan ancha oldin — hayvonlar, tabiat va iqlimdagi o‘zgarishlardan keladi.