Tel-Avivning geografik xususiyati ham bunga katta imkoniyat yaratadi. Shahar asosan tekis hududda joylashgan, masofalar esa nisbatan qisqa. Shu sababli velosipedda harakatlanish jismoniy jihatdan qulay. Biroq velosipedlarning ko‘pligining eng muhim sabablaridan biri — maxsus infratuzilmaning mavjudligidir.

Tel-Aviv munitsipaliteti so‘nggi yillarda velosiped yo‘laklarini kengaytirib, ularni shaharning asosiy ko‘chalari, turar joy hududlari va muhim transport nuqtalari bilan bog‘lashga katta e’tibor qaratmoqda. Velosipedchilar uchun alohida yo‘laklar, chorrahalardagi maxsus kesishuvlar, velosiped to‘xtash joylari va boshqa qulayliklar yaratilgan. Natijada velosiped faqat sport yoki dam olish vositasi emas, balki kundalik qatnov uchun transport vositasiga aylangan.

Sayohatim davomida Tel-Aviv ko‘chalarida yurib, ayrim insonlar bilan suhbatlashdim va o‘zim uchun yana-da qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Suhbatlashgan fuqarolarimdan biri Tel-Avivda velosipedga egalik qilish ham shart emasligini aytdi. “Nega?” degan savolimga esa u quyidagicha javob berdi:

— Bilasizmi, bizda velosipeddan foydalanishning asosiy qulayligi — infratuzilma va velosipedni ijaraga olish tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilganidir. Odamlar yo‘l qoidalariga juda jiddiy va qat’iy rioya qiladi. Tel-Avivda “Tel-O-Fun” velosiped ijarasi tizimi mavjud. Siz shaharda 175 dan ortiq yashil “Tel-O-Fun” stansiyalarini topishingiz mumkin. Ushbu stansiyalardan odamlar velosipedni bir joydan olib, boshqa stansiyaga topshirishi mumkin. Oddiy va elektr velosipedlardan foydalanish imkoniyati mavjud. Velosipedlarni kunlik, uch kunlik, haftalik yoki yillik muddatga ijaraga olish mumkin. Ya’ni odamlar velosiped sotib olmasdan ham shaharda velosipedda yurishi mumkin. Bundan tashqari, xususiy kompaniyalarning ham elektr skuter va velosiped ijarasi xizmatlari mavjud, — deydi men bilan suhbatda bo‘lgan Daniel.

Shoshib turganiga qaramasdan, menga ajoyib ma’lumotlarni bergan Danieldan boshqa savollarimga ham tezroq javob olishga harakat qildim.

Shaharda insonlar ko‘p foydalanadigan yana bir transport turi — elektr skuterlar ham Tel-Aviv transport tizimining muhim qismiga aylangan. Ular, asosan, 1–5 kilometr atrofidagi qisqa masofalarni bosib o‘tishda foydalaniladi. Odam avtobus kutishi yoki avtomobil uchun to‘xtash joyi qidirishi shart emas. Shu sababli ishga, o‘qishga, do‘konga yoki jamoat transportining boshqa bekatiga borishda elektr skuter tez va amaliy vosita sifatida ishlatiladi.

Isroilda elektr velosiped va elektr skuterlar uchun muayyan qoidalar ham mavjud. Jumladan, bunday transport vositalaridan foydalanish uchun yosh chegarasi 16 yosh etib belgilangan, tezlik bo‘yicha cheklovlar mavjud va maksimal tezlik 25 km/soat etib belgilangan. Shuningdek, dubulg‘adan foydalanish talabi ham mavjud.

Trotuarda elektr skuter haydashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, elektr ikki g‘ildirakli transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ham joriy qilingan. Bu esa ushbu transport turini shunchaki norasmiy vosita sifatida emas, balki qonun bilan tartibga solinadigan transport turi sifatida ko‘rish imkonini beradi. Eng asosiy qoidalardan yana biri — har qanday transport vositasidan foydalanayotganda telefondan foydalanish taqiqlangan.

Shahar transport siyosatida “har bir odamga alohida avtomobil” modelining o‘rniga turli transport vositalarini bir-biriga bog‘lashga e’tibor berilayotgani, haqiqatan ham, maqtashga arziydi. Velosiped, elektr skuter, piyoda yurish va jamoat transportining bir-birini to‘ldirishi shaharning transport tizimini yanada qulay va moslashuvchan qilmoqda.

Shunday qilib, Tel-Avivdagi velosiped va elektr skuterlarning ko‘pligini faqat “odamlar velosipedni yaxshi ko‘radi” degan oddiy izoh bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Buning ortida shaharsozlik, transport siyosati va infratuzilmaga qilingan investitsiyalar turibdi. Maxsus veloyo‘laklar, velosiped ijarasi tizimi, elektr skuter xizmatlari, jamoat transporti va piyodalar uchun yaratilgan sharoitlar birgalikda shaharda avtomobilga muqobil transport tizimini shakllantirgan.

Bu tajriba ekologik nuqtayi nazardan ham muhim. Qisqa masofalarda avtomobil o‘rniga velosiped yoki elektr skuterning tanlanishi yo‘l tirbandligini kamaytirish, transportdan chiqadigan emissiyalarni qisqartirish va shaharda harakatlanish madaniyatini o‘zgartirishga xizmat qilishi mumkin.

Albatta, elektr skuter va velosipedlarning ommalashuvi xavfsizlik, tartibga solish va piyodalar bilan bir makondan foydalanish kabi ayrim muammolarni ham keltirib chiqaradi. Biroq Tel-Aviv tajribasi shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri infratuzilma, aniq qoidalar va aholining transport madaniyati shakllantirilsa, kichik elektr transport vositalari shaharning kundalik hayotida avtomobilga munosib muqobil bo‘la oladi. 

Feruzbek Sayfullayev