Zamonaviy «zoopark» shunchaki jonzotlarni qafasga tiqib, odamlarga pul evaziga ko‘rsatadigan tomoshaxona yoki tijoriy maskan emas. Avvalo, bu tabiiy landshaftga maksimal darajada yaqinlashtirilgan keng, xavfsiz va erkin harakatlanish imkonini beruvchi volyerlar, toza va doimiy ravishda filtratsiyalanadigan suv havzalari, kunu tun ishlaydigan professional veterinariya xizmati hamda har bir turning biologik xususiyatidan kelib chiqqan qat’iy ratsion demakdir.

Eng muhim qoida shundaki, hayvonot bog‘ida har bir jonzot o‘zini o‘z tabiiy muhitidagidek his qilishi, psixologik va fiziologik ehtiyojlarini to‘liq qondirishi shart. Bundan tashqari, bunday maskanlar yosh avlodga tabiatga muhabbat va rahm-shafqatni o‘rgatadigan, noyob turlarni ko‘paytiradigan va muhofaza qiladigan ma’rifiy-ilmiy darajadagi maskan vazifasini bajarishi lozim.

Hayvonot bog‘ida bularning birortasi mavjud emas. Tashrif buyuruvchilarga hech qanday rasmiy chipta yoki elektron chek berilmaydi, pul shunchaki eshik oldida turgan odamning qo‘liga tutqaziladi va ichkariga kirilaveradi.

U yerdagi ahvol har qanday vijdonli insonning yuragini tilka-pora qiladi.

Katalakdek volyerlar jonzivorlar uchun haqiqiy qamoqxona kamerasi vazifasini bajarayotgandek go‘yo. Ularni kuzatib, beixtiyor o‘yga tolasiz. Bu hayvonlar qaysi og‘ir jinoyati uchun «jazo»ga hukm qilindi?

Sherlar, bo‘rilar, tulkilar va ilonlar shu qadar tor va zanglagan qafaslarga qamab qo‘yilganki, hatto emin-erkin burilib olish yoki bir-ikki qadam yurish imkoniyatidan mahrum.

Yirtqichlar qiroli sher zanglagan va o‘tkir armaturalar ortida, zax, iflos beton ustida majolsiz, aftodahol holatda. Uning qarashlarida na salobat, na mag‘rurlik va na hayotga bo‘lgan intilish qolgan. Bahaybat ayiq saqlanayotgan joy ham bundan farq qilmaydi. U tor qafassimon volyer ichida u yoqdan bu yoqqa maqsadsiz tebranib, kishida o‘z o‘limini kutayotgandek tasavvur uyg‘otadi.

Suv qushlari va suvda suzuvchilar uchun ajratilgan havzaning ahvoliga qarab kishining ko‘ngli aynib, ko‘ziga yosh keladi. Toza, oqib turuvchi va tiniq suv o‘rniga sasib, yam-yashil loyqa va bakteriya manbaiga aylangan ko‘lmak turibdi.

Bu zaharli balchiq bo‘yida turgan bechora laylakning tumshug‘i sinib, patlari to‘zib ketgan. «Morskoy svinka», ya’ni suv cho‘chqasi quyonlar bilan bir qafasga qamab qo‘yilgan. Tabiati va biologik fe’l-atvori umuman bir-biriga mos kelmaydigan bu jonzotlar orasidagi to‘qnashuv sabab quyonlar suv cho‘chqasini ayovsiz tishlab, jarohatlagan. Cho‘chqachaning ochiq yarasini davolash uchun unga hech qanday veterinariya yordami ko‘rsatilmagan.

Maymunlarning zanglagan panjaraga yopishib, tomoshabinlardan najot kutayotgan jovdiragan ko‘zlari, to‘tiqushning sovuq va ifloslikdan hurpayib ketgan patlari bir achchiq haqiqatdan dalolat beradi — hayvonot bog‘idagi hayvonlar yashamayapti, ular har kuni, har soatda sukunat ichida qirilib bormoqda.

Bu achinarli manzaraning yana bir nihoyatda xavfli va mas’uliyatsiz jihati borki, aholining bevosita xavfsizligi bilan bog‘liq. U shaharning eng gavjum nuqtasida, odamlar oqimi uzilmaydigan istirohat bog‘i hududida va markaziy bozorga yonma-yon joylashgan.

Volyerlarning zanglab, yemirila boshlaganini va devorlar nomigagina o‘rnatilganini e’tiborga olsak, bu yerda saqlanayotgan sher, bo‘ri va ayiq kabi yirtqichlar qafasni buzib, tashqariga otilishi ehtimoldan xoli emas. Gavjum joyda yirtqichlarni bunday havaskorona, nomigagina va xavfsizlik qoidalariga zid ravishda saqlash aholi hayotini ochiqdan-ochiq xavf ostiga qo‘yish va fojia­ga zamin yaratishdan boshqa narsa emas.

Dunyo hamjamiyati, xalqaro ekologik va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda, sun’iy qafaslarda saqlashni taqiqlash va bunday amaliyotdan to‘liq voz kechish tashabbusi bilan chiqmoqda. Zamonaviy sivilizatsiya va odamzod insonning ko‘ngilxushligi yoki tijoriy manfaati uchun ozodlikni xush ko‘ruvchi yovvoyi jonzotlarni temir panjaralar ortida azoblantirish vahshiylikning o‘zginasI ekanini anglab yetmoqda.

Dunyo tajribasi ana shunday tor «qamoqxona»lardan voz kechib, hayvonlarni o‘z tabiiy hududida, milliy bog‘lar va keng qo‘riqxonalarda muhofaza qilish tizimiga o‘tmoqda. Biz esa haligacha shahar markazidagi odamlar gavjum bozor yonida shafqatsiz va xavfli bo‘lgan «tirik turmalar»ni ushlab turibmiz. Bu global rivojlanish va insoniylik tamoyillariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Eng achinarlisi, aynan tabiat va hayvonot olamini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlar bu masalada mum tishlab, tomoshabin bo‘lib o‘tiribdi. Tartib o‘rnatishi, qonun va sanitariya talablari ijrosini talab qilishi kerak bo‘lgan soha mutasaddilari «O‘rganish o‘tkazdik», deyishdan nariga o‘tishmayapti.

Shunchaki «Bu yer tadbirkorlik subyekti, biz unga qarshi borolmaymiz. Muhimi, hayvonlar qirilib, o‘lib ketayotgani yo‘q», deb muammoni xaspo‘shlashyapti. Jonivorlar qafasda azoblanishi, yarasi yiringlab yotganida veterinar ko‘rmasligi, sassiq ko‘lmakdan suv ichib jon saqlashi ular uchun oddiy holdek.

Tadbirkorlik faoliyati jismoniy va ma’naviy qiynoqlar, aholi xavfsizligiga tahdid solish hamda sanitariya normalarini pisand qilmaslik evaziga yuritilayotgan bo‘lsa, uni zudlik bilan to‘xtatish va javobgarlikka tortish kerak emasmi?

Shunday ekan, bu masalaga mutasaddi va mas’ullar huquqiy baho berishi shart. Jarohat va ruhiy tushkunlikdan aziyat chekayotgan har bir jonzotga shoshilinch ravishda malakali veterinariya va reabilitatsiya yordami ko‘rsatilishi lozim. Ularni o‘z tabiiy muhitiga qaytarish yoki loaqal sharoitlari va keng volyerlari bo‘lgan, xalqaro talablarga mos keluvchi yirik qo‘riqxona hamda hayvonot bog‘lariga topshirish kerak.

Agar biz o‘zimizni madaniyatli va oqibatli jamiyat deb hisoblasak, bu tilsiz va himoyasiz jonzotlarning azob chekishiga jimgina qarab turmasligimiz zarur. Bugun ularning hammamizga qarata aytayotgan yagona va so‘nggi iltijosi bor:

«Bizga erkinlik bering!»

Dildora IBROHIMOVA