Mazkur jarayon Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Norvegiyaning chiqindilarni avtomatik yig‘ish va saralash texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi TOMRA kompaniyasi hamkorligida O‘zbekistonda plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini alohida yig‘ish va qayta ishlashga topshirishni rag‘batlantiruvchi pilot loyiha doirasida amalga oshirildi.

Endilikda aholi saralangan plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini maxsus fandomatlarga topshirib, har bir idish uchun 150 so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi. Qurilmadan foydalangan fuqaro ikki variantdan birini tanlashi mumkin. Birinchi holatda qabul qilingan har bir idish uchun 150 so‘m pul beriladi. Mablag‘ click elektron hamyoniga o‘tkaziladi. Ikkinchi variantda esa fuqaro pulni xayriyaga sarflashi mumkin. Bunda yig‘ilgan idishlarni sotishdan tushgan mablag‘lar xayriya maqsadlari va daraxt ekish tashabbuslariga yo‘naltiriladi.

Fandomatlar ichimlik idishlarini boshqa maishiy chiqindilarga aralashtirmasdan alohida yig‘ish va ularni qayta ishlash imkoniyatini yaratadi. Saralangan materiallardan ikkilamchi xomashyo olinib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishda qayta foydalanish mumkin. Bu esa tabiiy resurslardan foydalanishni kamaytirish hamda chiqindilarning ko‘chalar, suv havzalari va poligonlarga tushishini qisqartirishga xizmat qiladi.


Loyihadan chiqindilarni saralashni kundalik odatga aylantirish va aholining ekologik madaniyatini oshirish ham maqsad qilingan. Tashabbus orqali foydalanilgan ichimlik idishining shunchaki chiqindi emas, balki qayta ishlanadigan va iqtisodiy qiymatga ega resurs ekanini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Pilot loyiha o‘zini oqlasa, kelgusida fandomatlarni respublikaning boshqa hududlaridagi aholi gavjum joylarga bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.


