O‘zbekistonda tabiatga daromad manbai sifatida qaralib, aksariyat holatda uni muhofaza qilish ham shaxsiy boylik orttirishga aylanib ketmoqda. Ekologiya vaziri bo‘lganimdan buyon bu yerda ko‘p achinarli holatlarga duch keldim. Inson hayotini tabiatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, bu yerda men bir tomonlama yondashuvga qarshiman. Aslida, tabiatga moddiy manfaatni qondiruvchi vosita sifatida emas, hayotimizning muhim bir qismi, yashashimizni ta’minlab berayotgan bir maskan sifatida qarashimiz lozim. Odamzot tabiatga zarar keltirmay, u bilan hayotini uyg‘unlikda qurish haqida o‘ylashi kerak. O‘zingizga ma’lum, yurtimiz aholisi soni yildan yilga shiddat bilan oshib bormoqda. Bu esa ularning barchasini oziq-ovqat bilan ta’minlashni, ya’ni qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni taqozo etadi. Tabiiyki, bu jarayonda atrof-muhitga zarar yetadi. Demak, uyg‘unlik, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni aynan shu sohadan boshlashimiz talab etiladi. Shu o‘rinda “Nima uchun bunday holatga kelib qoldik?” degan savol tug‘iladi. Avvalo, “ekoturizm” tushunchasini aksariyat odamlar noto‘g‘ri tushunishadi. Masalan, ayrim tadbirkorlar ekoturizm deganda o‘rmonlarni yo‘q qilib, tabiatga zarar yetkazgan holda o‘zining 10 ta budkasini qo‘yish, u yerda ovqat pishirib, musiqani balandlatib dam olishni tushunadi. U bu ishi tabiatga, yovvoyi hayvonlarga salbiy ta’sir qilishini o‘ylab ham ko‘rmaydi. Hatto ayrim muhofaza hududlarining qo‘riqchilari ham shaxsiy manfaatini o‘ylab, tabiatga zarar keltiradi. Umuman olganda, ko‘pchiligimizda ekologik madaniyat, ijtimoiy mas’uliyat yo‘qligi uchun bugun bu borada ko‘plab muammolarga duch kelyapmiz. Ekologiya mas’ullari yuqoridagi kabi qonun buzilishi holatlariga befarq qarab kelgan. Natijada muammolar ko‘lami kengayib boravergan. Biroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashkil topganidan keyin bu yo‘nalishda sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Avvalo, davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida ekologik muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratdilar. Hukumat tomonidan sohani rivojlantirishga oid qonun va hujjatlar qabul qilinmoqda. Vazirlik tomonidan turli ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish va xodimlar malakasini oshirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ekoinspektorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, ular ham o‘z navbatida tabiatdan daromad ko‘rishni emas, balki uni asrash kerakligini tushuna boshlashdi. Shunday ekan, bugunga kelib iqtisodiyot va ekologiyani uyg‘unlashtirish eng muhim vazifalardan biri ekanini anglay boshladi.
— 2021-yili noyabr oyida ekoturizmni rivojlantirish uchun yer ajratish masalasi qay darajada haqqoniyligini bilish maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumani o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yerlardan joy olish uchun Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon kadastri mutaxassisi Zafar Rahmatullayevga barcha hujjatlarni topshirdim. Uzoq ovoragarchiliklardan so‘ng-2022-yil iyun oyida 500 ming so‘m davlat bojini to‘lab, ijara_urmon.uz saytidan registratsiyadan o‘tdim. Ammo 2023-aprelda Z.Rahmatullayev “Yerlar auksion orqali sotildi, sizni topishning iloji bo‘lmadi, sizning nomingizdan bizning xodimlar o‘ynadi va yutqazishdi” deb javob berdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, yer ajratish masalasida ham juda katta korrupsion o‘yinlar bo‘lmoqda, to‘g‘rimi?
— Mazkur tizimda muammolar yetarlicha. Sohada korrupsiya borligini inkor etib bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ta’kidlash lozimki, vazirlik tashkil topganidan keyin korrupsion holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Oldingi ruxsatnomalarni bekor qilish haqida topshiriq berdik. Vaziyat qat’iy nazoratga olindi. Bundan keyin aybdorlar, albatta, qonun oldida javob beradi. Ayni paytda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha muammolar talaygina. Ekoturizm mahalliy aholining faol ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokini va mazkur faoliyat turidan daromad olishini ta’minlaydi. Ammo bunday hududlar ko‘pincha qo‘riqxonalar, biosfera rezervatlari yoki ularga yaqin joylardan tashkil topgan. Ular tarkibida yo‘qolib borayotgan hayvonlar va o‘simliklarning o‘nlab yoki yuzlab turlari mavjud. Ushbu hududlar qonun himoyasida va odatda nafaqat ommaviy kirish mumkin emas, balki qo‘riqxona xodimlari va olimlardan boshqa kishilarning kirishi uchun ham yopiq hisoblanadi. Zero ushbu hududlarga kiruvchilar oqimining ko‘payishi insonning tabiatga qo‘pol aralashuvi bo‘lib qoladi. Bu qo‘riqlanayotgan hududlarning ifloslanishiga olib kelishi, ulardagi ekotizim yaxlitligiga tahdid solishi mumkin. Bugungi kunda ekoturizm obyektlarining barchasiga qator talablar qo‘yilmoqda, chunki havo haroratining ko‘tarilishi, kunlar isishi natijasida har yili yozda odamlar shahardan salqin joyga, asosan, tog‘ga borishadi. Bu esa bizdan ekoturizm obyektlarida “piknik” zonalari, ekosayyohlik yo‘laklarini yaratish, ekohududlarga borish uchun poyezdlar qo‘yish, “kanatka”lar o‘rnatish va boshqa qulayliklar yaratishni talab qiladi. Ta’kidlash joizki, ekologik madaniyatni bolalikdan, maktabdan, bog‘chadan shakllantirish lozim. Masalan, Janubiy Koreya, Yaponiya aholisi bizdan to‘rt karra ko‘proq va ularda ekoturizm juda yaxshi rivojlangan. Minglab odamlar tog‘ga dam olgani chiqadi, lekin tog‘lar top-toza, logistikasi ham zo‘r. O‘zim Yaponiyada tahsil olganman va biz turizm obyektlariga ko‘p chiqardik. Borganingizdan nazoratchilar qo‘lingizga chek berib, qanday harakat qilishingizni tushuntiradi. Qoidani buzsangiz, kattagina jarima to‘laysiz. Baklajkani topshirsangiz, sizga keshbek berishadi, jarayon nazorat qilinadi. O‘zimizda ham xuddi shu tizimni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Jumladan, Zomindagi mehmonxona atrofini to‘r bilan o‘rayapmiz. Dam oluvchilar tabiat go‘zalligidan bahra olishadi, ammo to‘rning u yog‘iga o‘tishmaydi. Afsuski, bir-ikki mas’uliyatsiz xodimlarni ishdan bo‘shatdik. Ma’lum bo‘lishicha, bu xodimlar qo‘riqlanadigan zonalarga ham uy qurishga harakat qiladigan odamlarga yer sotish uchun o‘zlari yerni yoqishga ruxsat berar ekan. Biz bu ishlarni o‘rgandik va zarur chora-tadbirlarni qo‘llayapmiz. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viza rejimi anchagina yengillashganini aytib o‘tishim kerak. Ayni paytda O‘zbekistonga 94 davlat fuqarolari, xususan, Ozarbayjon, Gruziya, Avstraliya, Argentina, Italiya, Kanada, Belgiya, Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Portugaliya, Polsha, Xorvatiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlar fuqarolari vizasiz kirishlari mumkin. Bu esa yurtimizga keladigan xorijiy sayyohlar soni yanada oshishiga va ekoturizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, xorijiy turistlar sonining oshishi daromadning ham ortishiga xizmat qiladi.
— 2023-yil aprel oyida Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining o‘ldirilishi shov-shuv bo‘lib, jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. O‘zingiz ham Bosh prokuraturaga shu masalada taqdimnoma kiritganingiz haqida gapirgan edingiz. Ammo ayiq o‘ldirilgach, ikkinchi kuni uning jasadi Qarshi veterinariya boshqarmasining pechida kuydirildi. Ya’ni jinoyat izlari yo‘qotildi. O‘shandan buyon bu ish haqida biror joyda axborot berilmayapti. Jinoyat ishi bo‘yicha jarayon qaysi bosqichda? Aybdorlar jazolanadimi?
— Bu borada ichki tekshiruv o‘tkazdik. Ayiqning o‘limiga vazirlik xodimlarining o‘z ishlariga sovuqqonlik bilan yondashganligi sabab bo‘lgan. Aslida ayiq bilan bog‘liq holatlar undan avval ham kuzatilgan. Buning yechimi oddiy, ya’ni har bir viloyat boshqarmasini yirtqich hayvonlarni uxlatib qo‘yadigan qurol bilan ta’minlash kerak edi, bugunga kelib barcha hududlarni mana shunday qurollar bilan ta’minladik. Bu yovvoyi yirtqich hayvonlar bilan bog‘liq holatlarni ularga shikast yetkazmagan holda bartaraf etish imkonini beradi. Xo‘sh, yovvoyi hayvonlar bilan to‘qnashish holatlari nega ko‘paymoqda? Sababi shuki, yurtimizda aholining ko‘payishi natijasida suvli yerlarni o‘zlashtirish kuchaydi. Hatto o‘rmonlarning ichida uy qurib yashayotganlar ham bor. Ya’ni, aslida, yovvoyi yirtqich hayvonlar bizga hujum qilyapti, degan fikrdan ko‘ra biz ularning yashash hududini egallab olyapmiz, desam, to‘g‘riroq bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘tgan yildagi anomal sovuq harorat tufayli o‘rmonlar hududidagi mevalarni sovuq urib ketgan, bu esa tabiat bag‘rida yashovchi hayvonlarning ozuqasi. Shu kabi qator omillar tufayli ko‘plab muammoli vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Odamlar bularning barini to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak. Chiroqchida o‘ldirilgan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq voqeasi bo‘yicha Ekologiya vazirligi tomonidan Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritilgan, ular tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar jazosiz qolmaydi.
— So‘nggi paytlarda inspektorlarning joniga qasd qilish holatlari ko‘paydi. 20-iyun kuni Bekobod shahar Ekologiya bo‘limi boshlig‘i, davlat inspektori Muhammadjon Fozilov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida pichoqlangandi. Ko‘p o‘tmay iyul oyida brakoner Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Mirali Hojiyevga o‘q uzib, uni yarador qilgan. Botimizga ko‘plab inspektorlardan ishlash uchun oddiy sharoit yo‘qligi, xonalar qishda sovuq, yozda issiqligi, texnik ta’minoti yo‘qligi, maoshi kamligi va shu bilan birga tabiatni qurollangan brakonerlardan quruq qo‘l bilan himoya qila olmayotganligi haqida shikoyat qilishadi. Qachongacha ekoinspektorlar brakonerlarni faqat guvohnomalari bilan qo‘rqitishadi?
— Inspektorlarga qurol berish yechim emas, yechim — huquqbuzarlarni kamaytirish choralarini ko‘rish. Tahlillarga ko‘ra, ilgari inspektorlar qurol olib yurishgan. Ammo ularning hech biri brakonerlarga qarshi qurol ishlatmagan. Hozir ham inspektorlarga qurol bergan taqdiringizda, ular brakonerlarni otishmaydi va brakonerlar buni yaxshi biladi. Chunki bizda inson qadri degan tushuncha bor, hatto jinoyatchi bo‘lsa ham otib tashlay olmaysiz. Faqat chegara hududlarda xavfli hayvonlar bor joylarda faoliyat olib borayotgan ekoinspektorlarga pnevmatik yoki rezina qurol berish maqsadga muvofiq. Brakonerlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Ekologiya vazirligi va hududiy boshqarmalar inspektorlari tomonidan doimiy reyd tadbirlari olib borilmoqda. Noqonuniy ov bilan shug‘ullangan qonunbuzarlarga qat’iy jazo choralari qo‘llanilmoqda.
— Viloyatlarda aksariyat holatlarda ekologiya boshqarmalarini hokimiyatda turli lavozimlarda ishlagan nomutaxassislar boshqarmoqda, ahvol esa yaxshilanmayapti….
— Ekologiyaning eng katta muammosi ham aynan professional mutaxassislar kamligidadir. Ilgari soha mutaxassislarining maoshi 4-5 million so‘mdan oshmas edi. Tabiiyki, bu maoshga yaxshi mutaxassisni jalb qilib bo‘lmaydi. Ekologiya vazirligida faoliyat boshlashim bilan kadrlar muammosini tahlil qilib chiqdim. Afsuski, boshqarmalarga o‘z ishini eplay olmay, ishdan haydalib, “bo‘laveradi” qabilida tayinlanganlar bor. Bilimi, salohiyati kuchli mutaxassislar esa sanoqli.
Shuning uchun bugun aynan ekologiya sohasida bilimli kadrlarni yetishtirishga katta e’tibor qaratilyapti. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti, ya’ni “Green University” tashkil etildi. Maqsad mahalliy, mintaqaviy va global ekologik muammolarni samarali boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy va intellektual salohiyatni amalga oshirishda innovatsion g‘oyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etishdan iborat. Malakali mutaxassislarni ko‘paytirmasak, sohada hech narsa o‘zgarmaydi.
— So‘nggi yillarda nafaqat oddiy hayvonlar, balki Qizil kitobga kiritilgan jonivorlar ham ko‘plab yo‘q qilinmoqda. O‘zbekiston o‘z flora va faunasini tiklab olishi uchun ovga moratoriy qo‘yish vaqti kelmadimi?
— Afsuski, bizda ovchilik daromad manbaiga aylanib ketgan. O‘ylashimcha, aholida qurol ko‘p va ularning aksariyati ro‘yxatdan o‘tmagan. Miltiqni saqlaganlik uchun esa to‘lov kam.
Avvalo, har bir ovchi guvohnoma olayotganida Qizil kitobdagi hayvon va jonivorlar bo‘yicha imtihon topshirishi shart. Bundan tashqari, ovchilarga ruxsatnoma ko‘rsatilganidan ortig‘ini otsa, tabiatga, jonivorlarga zarar keltirsa, juda katta jarimalar qo‘yilishi kerak.
Ovchilik iqtisodiyotga yaxshigina foyda keltirishi mumkin. Masalan, Afrikada ko‘p hayvonlar Qizil kitobga kiritilib, yo‘q bo‘lib ketish darajasiga kelib qolgandi. Ular aynan nasl qoldirishga yaroqsiz, kasal hayvonlarni xorijdan kelgan ovchilarga ma’lum mablag‘ evaziga ov qilishga ruxsat berib, sog‘lomlarini saqlab qolishdi.
Chet elda ovchilar baliqni tutib, u bilan suratga tushib, keyin qo‘yib yuborishadi. Bizga keladigan 99 foiz chet ellik ovchilar shunchaki qiziqish uchun ov qilishadi. Mahalliy ovchilar esa, afsuski, nafsiga qul bo‘lib, ko‘proq daromad topish uchun ovchilik bilan shug‘ullanishadi. Shuning uchun biz xorij amaliyotini qo‘llab, chet ellik ovchilardan tushadigan daromadni yana tabiatga qaytarishimiz kerak.
Bundan tashqari, bizda aksariyat ovchilik xo‘jaliklarida sharoit yaxshi emas. Hamma yoq chiqindiga to‘lib ketgan. Ov xo‘jaliklari, aslida, hayvonlarni ko‘paytirishi, ularga yashashi uchun sharoit yaratishi, shundan keyingina ov qilishga ruxsat berishi zarur. Moratoriy masalasiga kelsak, uni bir yilga emas, kamida 5-yilga joriy qilish lozim. Bu, albatta, O‘zbekiston tabiatining anchagina tiklanib olishiga zamin yaratadi.
— Yaqinda Farg‘ona hayvonot bog‘iga bordingiz, faoliyati bilan tanishib, maslahatlar berdingiz. Qishda mazkur hayvonot bog‘ida sharoit bo‘lmagani uchun jirafa nobud bo‘lgan edi. Umuman olganda, O‘zbekistonda hayvonot bog‘larining ahvoli juda abgor. Eng yomoni — ularning ko‘pchiligi Madaniyat vazirligi tasarrufida bo‘lganligi. Hayvonot bog‘larini tartibga keltirsa bo‘ladimi? O‘zi ular kerakmi?
— Albatta, hayvonot bog‘larining Madaniyat vazirligi tasarrufida bo‘lishi noto‘g‘ri. O‘zbekiston Respublikasi-Prezidentining-2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-171-son qaroriga asosan Toshkent, Farg‘ona va Termiz shaharlari hayvonot bog‘lari vazirligimiz tasarrufiga o‘tkazildi. Hayvonot bog‘larining asosiy vazifasi tabiatda yo‘qolib ketayotgan hayvonlar populyatsiyasini saqlab qolishdan iborat. O‘zbekistondagi hayvonot bog‘lari konsepsiyasini butkul o‘zgartirish kerak. Hayvonot bog‘iga borganda hayvon emas, odam eksponat bo‘lishi lozim. Germaniyaning Rostok shahrida yirik hayvonot bog‘i bor. Tabiiy to‘siqlar qo‘yilgan, tashrif buyurgan odam va hayvon orasida masofa yo‘q. Bundan tashqari, yaqinda aynan hayvonot bog‘larini boshqarish bo‘yicha-30-yillik tajribaga ega taniqli nemis mutaxassisi Udo Nagelni O‘zbekistonga taklif qildik. Udo Nagel-1992-yildan-2022-yilga qadar Yevropadagi eng yaxshi hayvonot bog‘laridan biri – “Rostok” hayvonot bog‘i direktori sifatida faoliyat yuritgan. “Rostok” uning rahbarligi davrida, ya’ni-2018-yilda o‘z toifasi bo‘yicha Yevropaning eng yaxshi hayvonot bog‘i deb tan olingan.12-iyul-kuni U.Nagel va Ekologiya vazirligi vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Shuningdek, Farg‘ona va Termiz shahar bog‘lari boshqaruv tizimi, xizmat ko‘rsatish darajasi, infratuzilmasini o‘rganish, tavsiya va takliflar ishlab chiqildi. Ayni paytda biz hukumatga yovvoyi hayvonlarni sirk tomoshalariga olib chiqishni taqiqlash taklifini kiritdik, chunki rivojlangan davlatlarda sirkda yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlangan. Uy hayvonlari, ya’ni mushuk va itlardan foydalanish muammo emas, zero ular ming yillardan beri odamlar bilan birga yashab kelmoqda. Ammo yovvoyi hayvonlarni qiynash orqali ularni ma’lum bir mashqlarni bajarishga majburlash noto‘g‘ridir.
— “Yashil makon” umummilliy loyihasi mana bir necha yildirki respublika bo‘ylab davom etib kelmoqda. Yaqinda sizning Oliy Majlisdagi hisobotingizda uning muammolari haqida gapirib o‘tdingiz. 2 milliondan ziyod daraxtlar ekilmay, xalqning puli talon-taroj bo‘lgan. Vazirlik tizimning samaraliroq bo‘lishi uchun qanday chora-tadbirlar olib borishi ko‘zda tutilgan?
— “Yashil makon” bugungi kunda o‘z samarasini berayotgan, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan keng ko‘lamli dastur. To‘g‘ri, 2 millionta daraxt — katta raqam, lekin umumiy ekilgan daraxtlar soniga hisoblaydigan bo‘lsak, atigi 1 foizga teng. Qolgan 99 foiz daraxt parvarish qilinmoqda. O‘z navbatida, 2 millionta daraxtning qurib qolishidan kerakli xulosalar chiqarildi, qayerda xatoga yo‘l qo‘yilgani anglab yetildi. Ish bor joyda xato bo‘ladi. Bugungi kunda eng asosiy muammolardan biri — daraxtlarning noqonuniy kesilishi. Birinchidan, vazirlik tomonidan daraxtlarni noqonuniy kesishga qarshi choralarni kuchaytirdik. Ikkinchidan, aholining daraxtlarga nisbatan munosabatini o‘zgartirish vaqti keldi. Daraxtni noqonuniy kesayotgan fuqaro, tadbirkor kim? O‘zbekiston fuqarosi. Aytmoqchimanki, jamiyatimizda bunday holatlarga nisbatan chidamsizlik muhitini yaratishimiz kerak, atrof-muhit bilan bog‘liq masalalarga befarq bo‘lmaslik kerak. Bu borada vazirlik tomonidan yana bir muhim ishga qo‘l urildi ya’ni endi daraxtlarni kesish yoki ko‘chirish jamoatchilik eshituvi orqali hal qilinmoqda. Xorij davlatlar amaliyotida bu allaqachon mavjud. Shu o‘rinda ta’kidlashim lozim bo‘lgan yana bir jihat bor. Daraxt kesilishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir bo‘lsa, faqat Ekologiya vazirligiga urg‘u beriladi, daraxtni kesgan tadbirkor yoki fuqaro chetda qolib ketadi. Huquqbuzar televideniyega chaqirilib, qilgan qilmishi uchun xalq oldida javob berishga hisobdor qilinsa, bu boshqalarga saboq bo‘ladi. Tadbirkorlar daraxt kesishidan oldin o‘ylab ko‘radi. Lekin ko‘pchilik daraxt kesilganda faqat Ekologiya vazirligi va inspektorlarini ayblashga odatlanib qolgan. Yana bir jihat — daraxtlarni ekish bo‘yicha mutaxassis yetarli emasligi ham pand beradi. Masalan, ayrim holatlarda 50-60-yil avvalgi kasal daraxtlarning urug‘ini olib, ko‘kartirib, ekishmoqda. Bunaqa daraxtlar hech qachon o‘sib ketmaydi, nimjon bo‘ladi. Shuning uchun daraxt ekish bozorini rivojlantirmoqchimiz. Xususiy kompaniyalar kelsin, g‘olib bo‘lsin, biz yer beramiz. Maqsadimiz — O‘zbekistonda egasiz daraxt qolmasligi, hamma o‘z daraxtiga javob berishi kerak. Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining qonun buzilishi holatlari bo‘yicha pozitsiyasi qat’iy: daraxt kesish, uning atrofini betonlash va boshqa huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan fuqarolar, nafsi ustunlik qilib, bu kabi holatlarga aralashgan soha mutaxassislariga qat’iy choralar ko‘riladi.
— Chiqindi muammosiga ham to‘xtalsak. Bilamizki, chiqindi poligonlariga qurilish chiqindilari qabul qilinmaydi. Natijada quruvchi tadbirkorlar qurilish chiqindilarini daryo bo‘ylariga tashlashmoqda. Bu holat bartaraf etiladimi?
— Chiqindi poligonlari qurilish chiqindilarini qabul qiladi. Faqat buning ma’lum to‘lovi bor. To‘lovdan tushgan pullar poligon faoliyatini yaxshilashga sarflanadi. Muammo shundaki, ayrim tadbirkorlarimiz belgilangan to‘lovni to‘lashdan qochib, qurilish chiqindilarini duch kelgan joyga, xususan, daryo bo‘ylariga tashlab ketishadi. Albatta, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlanishi kabi holatlarni bartaraf etish borasida vazirlik tomonidan katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ayni damda butun respublika bo‘yicha onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilyapti. Xususan, Toshkent shahri va viloyatida 200 ga yaqin kameralar qo‘yilmoqda, shuningdek bugunga kelib Andijon, Namangan, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ham kameralar o‘rnatildi. Shu tariqa respublika bo‘yicha yil yakuniga qadar 1000 ga yaqin kamera faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu kameralar nafaqat belgilanmagan joyga chiqindi tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlaydi va o‘z vaqtida chora ko‘rish imkonini beradi. Bundan tashqari, mamlakatimiz bo‘ylab chiqindi tashlanishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi doimiy reyd tadbirlari ham o‘tkazib kelinmoqda. Aholining bu boradagi murojaatlari o‘z vaqtida o‘rganilib, muammolar bartaraf etilmoqda, kerakli choralar ko‘rilmoqda.
— Yaqinda ASK rahbari Andrian Nil ekolog.uz ga bergan intervyusida “Meni ranjitayotgan narsalardan biri aynan o‘sha ekologik milliy dasturlarda vazirlik va idoralaring o‘zaro koordinatsiyasining zaifligi va ba’zi vaziyatlarda umuman yo‘qligi. Masalan, qishloq xo‘jaligi vazirligi, ekologiya hamda suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlik qilishi talab etilishi” deb javob bergan edi. Buning yechimi nimada deb o‘ylaysiz?
— Shu paytgacha integratsiya yo‘q edi, iroq hozirda barcha vazirliklarda Ekologiya diplomatiyasi bo‘limlari tashkil etilib, bu eng avvalo ichki integratsiyani yo‘lga qo‘yish uchun amalga oshirildi. Ta’kidlash joizki, ekologik muammolar barcha sohalar uchun tegishli va ularni faqatgina hamkorlikda hal qilish mumkin. Buning uchun esa har bir vazirlik aynan zimmasiga yuklatilgan vazifani bajarishi va buni boshqa vazirliklar bilan kelishilgan holda amalga oshirishi zarur.
— Suv masalasi O‘zbekistonda bevosita iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. Vazirlikning nomi o‘zgarib, iqlim o‘zgarishi qo‘shildi. Bu juda ham katta va jiddiy masala. Afsuski, suvga nisbatan vahshiylarcha munosabat, ayniqsa daryolarimizdan qum-shag‘allarni olinishi oqibatida daryolar suvi qurib bormoqda. Qo‘llanilayotgan jarimalar ta’sir qilmayapti. Muammoni yechimini nimada ko‘rasiz?
— Birinchi navbatda “Xavfsiz daryo” DUK vazirlik tasarrufiga o‘tkazildi. Ammo bu chigal masala va yaxshilab o‘ylab, ish tutishni talab qiladi. Chunki hozir vazirlik tomonidan daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al qazib olish to‘xtatib qo‘yilsa, qurilishlar ham to‘xtab qoladi. Shu sababli kelishilgan holda daryo o‘zanlari va qirg‘oqlarini mustahkamlash jarayonida ortib qolgan qum-shag‘aldan qurilish uchun foydalanishga ruxsat beriladi. Ayni damda 90 tagacha tog‘da karer tayyorlanmoqda. Qurilish sohasi ana shu karerlarni o‘zlashtirishi uchun ma’lum vaqt beriladi va shu orqaligina muammoni yechish mumkin.
— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.


