Eng tanqis va hisobli manbaga aylanib borayotgan suvga extiyoj sanoat va qishloq xo’jaligi sohasida ham kuzatilmoqda. O’z o’rnida ushbu muammolarga qarshi kurashish hamda suvdan oqilona foydalanish bo’yicha Agrobank, Suv xo’jaligi vazirligi va mas’ul tashkilotlar tomonidan qator loyihalar, tashabbuslar ilgari surilayotgani yo’q emas.
Jumladan, kuni kecha Agrobank tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent, Nurafshon, O’rta va Yuqori Chirchiq tumanlarida bo’lib o’tgan Press-tur davomida ana shunday loyihalardan biri «Suvchilar maktabi» faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Maktabning tashkil etilishidan asosiy maqsad – suvdan foydalanuvchilar (xususan, dehqon va fermerlarni) suvdan foydalanish madaniyatini oshirish va shu orqali yuqori hosildorlikka erishish, innovasion texnologiyalarni qo’llash bo’yicha bilim va ko’nikmalar berish hisoblanadi.
Mazkur loyihani amalga oshirishda, xorij tajribalari ham mukammal o’rganilgani, Turkiya, Ispaniya va Xitoy davlatlaridan jalb qilingan mutaxassislar bilan hamkorlikda dastur konsepsiyasi ishlab chiqilgani tur davomida ta’kidlanib, birinchi bosqichda bugungi kunga qadar 154 ta tumandan jami 60 330 nafar fermer va suvchi (shundan 56 663 nafar fermer xo’jaligi rahbarlari va suvchilar, 4 350 nafar maxsus xizmat miroblari va 2 347 nafar bank xodimlari) jalb qilinib suv bilan ishlash borasida malakalari oshirilmoqda va 2024 yildan boshlab Agrobank tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo’yicha kreditlar ajratilishi belgilangan bo’lib, «maxsus platforma» orqali masofadan kredit ajratish ishlari yo’lga qo’yilishi rejalashtirilgani aytib o’tildi.
Shu o’rinda qayd etish joizki, Hozirgi kunda Suv resurslarining kamayishi va tanqisligi butun dunyoda kuzatilayotgan global muammo bo’lib qolmoqda. Dunyoning ko‘plab taraqqiy etgan davlatlarida turmush darajasi qanchalik yuqori bo‘lmasin, suvni asrab-avaylashga nihoyatda jiddiy eʼtibor qaratiladi. O‘zbekistonda esa oddiy kundalik ro‘zg‘or darajasidan tortib, yirik davlat tashkilotlarigacha suvdan oqilona foydalanish madaniyati hali to‘liq shakllanmagani bor gap. Bundan tegishli xulosalar qilib, suvni tejash va ratsional ishlatishni o‘rganishimiz zarurdir.
Ota- bobolarimizning «Oqib turgan daryo bo’yida bo’lsangiz ham, suvni isrof qilmang» degan o’gitlariga amal qilishni unutmaylik!