Ko‘chatxonalarni foydalanishga topshirish marosimida O‘rmon agentligi direktor o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov, Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yon, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev, Ekologiya qo‘mitasi va O‘rmon agentligi mas’ullari, KOICA ekspertlari, Piskent tumani hokimligi vakillari, viloyatdagi davlat o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘rmon agentligi direktor o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat rahbarining tashabbusi bilan yangi o‘rmonlar barpo etish va yashil hududlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, yaqinda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida yiliga millionlab sifatli ko‘chat yetishtirish imkoniyatiga ega zamonaviy ko‘chatchilik markazi ish boshlagani, joriy yilda Andijon viloyatida ham umumiy maydoni 5,5 gektar bo‘lgan aqlli ko‘chatxonalar majmuasi barpo etilganini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, Piskentda foydalanishga topshirilgan yangi majmua ham “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim tashabbuslardan biridir. Shu munosabat bilan O‘rmon agentligi nomidan Janubiy Koreya hukumati, KOICA va loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan hamkorlarga minnatdorlik bildirildi.

Tadbir davomida majmuaning ramziy esdalik toshi tantanali ravishda ochildi. Mehmonlar hududga esdalik daraxtlarini ekib, shundan so‘ng ko‘chatxonaning faoliyati va infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.

Loyiha haqida

KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning umumiy qiymati 7,7 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Toshkent ko‘chatchilikka ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligining Do‘ngqo‘rg‘on bo‘limida barpo etilgan majmua 7 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda jami 14 ta zamonaviy smart issiqxona mavjud. Ular mahalliy iqlim sharoitlariga mos sifatli ko‘chatlar yetishtirish uchun mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan boshqaruv va ichki muhitni doimiy monitoring qilish uskunalari bilan jihozlangan.

Smart texnologiyalar asosida ko‘chat yetishtirish o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, ko‘chat yetishtirish samaradorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Loyiha doirasida mahalliy iqlimga mos ko‘chatlar yetishtirish, ularni payvandlash va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘quv-seminarlar ham tashkil etilmoqda.

Shuningdek, loyiha o‘rmon xo‘jaliklarida mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda daraxt va butalarning turli navlarini ko‘paytirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Aqlli issiqxonalarning afzalliklari

Koreyalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamonaviy smart issiqxonalar an’anaviy ko‘chat yetishtirish usullariga nisbatan bir qator afzalliklarga ega.

Birinchidan, ilg‘or texnologik uskunalar yordamida suv sezilarli darajada tejaladi. Ikkinchidan, nihollar ochiq yerda emas, balki maxsus tuvak va konteynerlarda yetishtiriladi. Natijada ular o‘rtacha bir yil ichida ekish uchun tayyor holatga keladi.

Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi hisobiga qo‘l mehnati kamayadi. Barcha jarayonlar maxsus dastur orqali nazorat qilinib, ko‘chatlarning sifatli rivojlanishi ta’minlanadi. Eng muhimi, maxsus konteynerlarda yetishtirilgan ko‘chatlarni tog‘li hududlarga tashish va ekish ancha qulay. Bu esa, o‘z navbatida, transport va boshqa tashkiliy xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi.

O‘rmon xo‘jaligidagi natijalar

O‘rmon agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, agentlik tasarrufidagi o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida o‘rmonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun 1 100 tonna daraxt va buta urug‘lari jamg‘arilgan.

Shuningdek, 1 035 gektar maydonda mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga mos 101,6 million tup nihol va ko‘chat parvarish qilinmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday keng ko‘lamli ishlarning samarasi ko‘chatlarni to‘g‘ri tanlash, sifatli yetishtirish va ekilgandan keyingi parvarishlash jarayonlariga bevosita bog‘liq. Piskentda tashkil etilgan aqlli ko‘chatxonada joriy etilgan texnologiyalar suv resurslaridan samarali foydalanish, ko‘chatlarni boshqariladigan muhitda yetishtirish va ularning sifatini oshirish imkonini beradi.

Kelgusida ushbu ilg‘or tajribani boshqa o‘rmon xo‘jaliklariga ham joriy etish rejalashtirilgan.

Yangi majmua katta hajmdagi daraxt va buta ko‘chatlarini yetishtirish, o‘rmon xo‘jaliklarini sifatli ekish materiallari bilan ta’minlash, respublika hududlarida yangi yashil maydonlar tashkil etish, o‘rmonlarni barpo etish va qayta tiklash, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda cho‘llanishning oldini olishga xizmat qiladi.