9–20 noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi — COP31 dunyo mamlakatlarini yana bir bor umumiy savol oldida birlashtirdi: iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda biz va'dalar berish bosqichidan amaliy natijalarga o‘ta oldikmi?

O‘zbekiston uchun bu savol ayniqsa muhim edi. Chunki Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishining oqibatlarini eng sezilarli his qilayotgan mintaqalardan biri bo‘lib, suv, yer, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi turmushi bir-biri bilan uzviy bog‘liq.

Antaliyadagi kelishuvlar: iqlim mablag‘i va amaliy harakatlar

COP31ning asosiy kun tartibidan iqlim moliyasi, moslashuv, chiqindilarni kamaytirish, texnologiyalar va iqlim xavflariga chidamlilik masalalari o‘rin oldi. Konferensiyada davlatlar iqlim bo‘yicha milliy majburiyatlarni amalga oshirish uchun mablag‘ va investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini muhokama qildi.

Shu yo‘nalishda Climate Implementation Bridge — BRIDGE tashabbusi diqqatga sazovor bo‘ldi. Uning maqsadi mamlakatlarning iqlim bo‘yicha va'dalarini investorlar moliyalashtira oladigan aniq loyihalarga aylantirish, texnik va moliyaviy to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va investorlarni bog‘lashdan iborat edi. Tashabbusning birinchi ishtirokchilari qatorida O‘zbekiston ham bo‘lgan. Keyinchalik Chili, Livan, Meksika va Zambiya ham unga qo‘shildi. Turkiya platformani ishga tushirish uchun 3 million dollar grant ajratishini e'lon qildi. Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, iqlim bo‘yicha rejalarning eng katta muammosi ko‘pincha mablag‘ning yo‘qligi emas, balki mablag‘ jalb qilishga tayyor, iqtisodiy va texnik jihatdan asoslanga loyihalarning yetishmasligidir. BRIDGE ana shu «va'dadan loyihaga, loyihadan investitsiyaga» bo‘lgan yo‘lni qisqartirishni maqsad qilgan edi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari shaharlarning iqlimga chidamliligini oshirishga qaratilgan Sustainable Urban Resilience Finance Facility (SURFF) mexanizmini qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar. U yangi fond tashkil etishdan ko‘ra, shaharlarning iqlim xavflariga qarshi loyihalarini mavjud moliyaviy resurslar va texnik yordam bilan bog‘lashga xizmat qilishi kerak edi.

Antaliyadagi muzokaralar yana bir haqiqatni ko‘rsatdi: iqlim moliyasi haqida gap ketganda mablag‘ hajmi bilan birga, uning qaysi mamlakatga, qaysi hududga va qaysi aholi qatlamiga yetib borishi ham muhim bo‘lib qoldi.

O‘zbekiston uchun 103,7 million yevro: raqamning ortida qanday o‘zgarishlar turibdi?

O‘zbekiston ishtirokidagi eng muhim tashabbuslardan biri Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli landshaftlarni tiklashga qaratilgan CLiCA mintaqaviy dasturi bo‘ldi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirokida, xalqaro hamkorlar ko‘magida ishlab chiqilgan dasturining umumiy moliyalashtirish hajmi 264,4 million yevroni tashkil etdi. Uning 103,7 million yevrosi O‘zbekiston uchun belgilandi. Mablag‘lar Andijon, Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi 15 ta tumanga yo‘naltirilishi rejalashtirildi. Dastur doirasida:

  • 18 ming gektar o‘rmon maydonini tiklash;

  • 123 ming gektar yaylovni qayta tiklash;

  • tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish;

  • qurg‘oqchilikka chidamli ekinlarni yetishtirish;

  • fermer xo‘jaliklarida issiqxonalar tashkil etish;

  • 12 ming fermerga iqlim bo‘yicha maslahat va ko‘mak berish;

  • fermerlarning kredit olish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirildi.


Dastur 342 ming nafar aholining iqlim o‘zgarishiga moslashish imkoniyatlarini yaxshilashi kutilgan. Ular orasida ayollar ulushi 50 foizni tashkil etishi belgilandi. Bu raqamlar juda muhim. Ammo ularning haqiqiy qiymati 18 ming gektar o‘rmonning qog‘ozda emas, amalda tiklanishida; 123 ming gektar yaylovning degradatsiyadan chiqishida; fermerning suv tanqisligi sharoitida ham hosil olishi namoyon bo‘ladi. Iqlim loyihasining muvaffaqiyatini konferensiyadagi taqdimotlar emas, balki bir necha yildan keyin tiklangan yer, tejalgan suv va o‘z daromadini saqlab qolgan fermer belgilaydi.

O‘zbekiston va Turkiya: ekologik hamkorlik qog‘ozda qolmasligi kerak

Konferensiyaning birinchi kuni O‘zbekiston va Turkiya ekologik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Hujjat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, havo va suv ifloslanishining oldini olish, chiqindilarni boshqarish, cho‘llanishga qarshi kurash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirishni qamrab oldi.

Memorandum ikki mamlakat o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma loyihalar, ekspert uchrashuvlari va ekologik tashabbuslarni amalga oshirish uchun asos yaratdi.

O‘zbekiston uchun bu hamkorlikning amaliy ahamiyati katta. Turkiya shaharsozlik, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik infratuzilma va iqlimga moslashish bo‘yicha tajribaga ega. O‘zbekiston esa suv tanqisligi, cho‘llanish, havo ifloslanishi va degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash kabi muammolarni hal qilishda hamkorlikdan manfaatdor.

Memorandumning qiymati uning imzolangan sanasi bilan emas, balki keyin qanday qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi bilan o‘lchanadi.

Suv va havo: iqlim inqiroziga qarshi kurashning eng muhim yo‘nalishlari

Antaliyada O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar bilan suv, meteorologiya va ekologik xavflarni monitoring qilish bo‘yicha ham hamkorlikni muhokama qildi. Jahon meteorologiya tashkiloti bilan hamkorlik doirasida ob-havo kuzatuv tizimlarini modernizatsiya qilish, chang va qum bo‘ronlarini aniqroq prognoz qilish, havo sifati monitoringini kuchaytirish va aholini xavfli meteorologik hodisalardan erta ogohlantirish masalalari ko‘tarildi. 

Bu O‘zbekiston uchun shunchaki texnologik yangilik emas. Chang-to‘zonli hodisalar, kuchli shamol, jazirama va qurg‘oqchilik aholi salomatligi, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotga ta'sir ko‘rsatadi. Erta ogohlantirish tizimi qanchalik samarali bo‘lsa, aholi, fermerlar, mahalliy hokimiyatlar va favqulodda vaziyatlar xizmatlari xavfga shunchalik tayyor bo‘ladi. Shuningdek, Antaliyada Adaptatsiya fondi bilan qishloq xo‘jaligi va fermerlarni iqlim o‘zgarishidan himoya qilishga qaratilgan 15,4 million dollarlik loyihalar muhokama qilindi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun fondning mintaqaviy ofisini Toshkentda tashkil etish taklifini ham ilgari surdi. Bu tashabbus amalga oshsa, mintaqada iqlim loyihalarini moliyalashtirish, ekspertlar bilan ishlash va grantlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Yashil iqtisodiyot: investitsiyalar qayerga yo‘naltirildi?

COP31 doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan yashil iqtisodiyot, energiya samaradorligi, sanoatda chiqindilarni kamaytirish va shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. BMT Taraqqiyot dasturi va Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan 1,4 million dollarlik loyiha muhokama qilindi. Unda ekologik jihatdan zararli subsidiyalarni qayta ko‘rib chiqish, davlat binolarining energiya samaradorligini oshirish va yashil investitsiya mexanizmlarini rivojlantirish masalalari qamrab olindi. Germaniyaning GIZ tashkiloti bilan 5,5 million yevro miqdoridagi loyihalar bo‘yicha hamkorlik hujjatlari almashildi. Ular hududlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish, ekologik biznes amaliyotlarini joriy etish va resurslardan samarali foydalanishga qaratildi. Shuningdek, Global Green Growth Institute va Koreyaning Green New Deal Trust Fund bilan 1 million dollarlik loyiha muhokama qilindi. U O‘zbekiston sanoatida energiya tejash imkoniyatlarini baholash va ekologik zararni kamaytiruvchi investitsiya loyihalarini tayyorlashga qaratilgan edi. Fransiya taraqqiyot agentligi va Expertise France bilan 400 ming dollarlik «Yashash uchun qulay va samarali shaharlar» loyihasi ham muhokama qilindi. Bu kelishuvlar va hamkorlik hujjatlari O‘zbekistonning iqlim siyosatini faqat ekologik sektor bilan cheklamasdan, iqtisodiyot, energetika, shaharsozlik va moliya tizimi bilan bog‘lashga intilayotganini ko‘rsatdi.


Milliy majburiyat: 2035-yilgacha 50 foiz

O‘zbekiston iqlim bo‘yicha milliy majburiyatlarida 2035-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga kamaytirish maqsadini belgilagan. Bu maqsadga erishish uchun qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi, sanoatni modernizatsiya qilish, chiqindilarni boshqarish va transport sohasidagi o‘zgarishlar zarur. Biroq bu yerda bir muhim savol bor: iqtisodiyot o‘sib borayotgan sharoitda chiqindilarni kamaytirish qanday ta'minlanadi? Buning uchun faqat quyosh va shamol elektr stansiyalarini ko‘paytirish yetarli emas. Energiyani tejaydigan binolar, samarali ishlab chiqarish texnologiyalari, ekologik transport, chiqindilarni qayta ishlash va resurslarni oqilona boshqarish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. «Yashil iqtisodiyot»  bu tabiatni iqtisodiy o‘sishning qurboniga aylantirmaslik, aksincha, resurslarni tejash orqali iqtisodiy samaradorlikka erishishdir.

COP31ning bahsli nuqtasi: va'dalar va siyosiy kelishuv o‘rtasidagi masofa

Antaliyadagi konferensiyaning eng murakkab jihatlaridan biri iqlim bo‘yicha global kelishuvlarning mazmuni va ambitsiyasi bo‘ldi.

19-noyabr kuni e'lon qilingan qayta ko‘rib chiqilgan kelishuv loyihasida avvalgi variantlarda bo‘lgan qazilma yoqilg‘ilardan voz kechishga oid aniq ifoda chiqarib tashlangani haqida xabar berildi. Shuningdek, iqlim moliyasi bo‘yicha 120 milliard dollarlik maqsadga ishora ham loyihadan chiqarilgani tanqidlarga sabab bo‘ldi.


Bu holat iqlim diplomatiyasidagi asosiy ziddiyatni yana bir bor ko‘rsatdi: mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish zarurligini tan oladi, ammo energetika, iqtisodiy manfaatlar va moliyaviy mas'uliyat masalalarida kelishuvga erishish oson bo‘lmaydi. Shuning uchun COP31dagi natijalarni faqat e'lon qilingan tashabbuslar bilan emas, balki yakuniy qarorlarda qaysi majburiyatlar saqlanib qolgani, qaysi masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani va ularning bajarilish mexanizmlari qanchalik aniq belgilanganini bilan baholash lozim bo‘ladi.

Antaliyadan keyin: iqlim diplomatiyasi odamlar hayotida sinovdan o‘tadi

O‘zbekistonning COP31dagi ishtiroki xalqaro hamkorlik, moliyaviy resurslar, ekologik texnologiyalar va mintaqaviy tashabbuslar uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Ammo eng muhim ish konferensiyadan keyin boshlandi. 103,7 million yevroning har bir qismi qanday sarflanadi? Tiklanadigan 18 ming gektar o‘rmon va 123 ming gektar yaylov haqiqatan ham ekologik holatni yaxshilay oladimi? 12 ming fermer iqlim xavflariga moslashish uchun qanday bilim va resurslarga ega bo‘ladi? Chang-to‘zon va havo ifloslanishini monitoring qilish tizimlari aholi uchun qanchalik foydali bo‘ladi? Xalqaro memorandumlardan qanday amaliy loyihalar paydo bo‘ladi? Bu savollarga javob konferensiya zallarida emas, balki hududlarda beriladi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash faqat davlatlarning vazifasi emas. Jurnalistlar, olimlar, ekologik tashkilotlar, mahallalar, fermerlar, biznes va yoshlar ham bu jarayonning faol ishtirokchisi bo‘lishi kerak. Jamoatchilik esa e'lon qilingan mablag‘lar, loyihalar va natijalarni kuzatish, baholash va savol berish huquqiga ega. Antaliyada iqlim uchun yangi tashabbuslar, kelishuvlar va moliyaviy imkoniyatlar e'lon qilindi. Endi ularning haqiqiy qiymati bir necha yildan keyin — tiklangan yerlarda, tejalgan suvda, toza havoda, iqlimga chidamli qishloqlarda va insonlarning yaxshilangan hayotida namoyon bo‘lishi kerak.

Iqlim diplomatiyasining haqiqiy g‘alabasi  konferensiyada imzolangan hujjatlar soni emas. U tabiat va inson hayotida yuz bergan real o‘zgarishlardir.

Nargis Qosimova