Jahon banki prognozlariga ko‘ra, samarali moslashuv choralarisiz 2050 yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyoti iqlim xatarlari mavjud bo‘lmagan holatdagiga nisbatan taxminan 10 foizga kichikroq bo‘lishi mumkin. Ammo iqlimga moslashuv faqat milliy dasturlar masalasi emas. Borgan sari ko‘proq yechimlar bevosita O‘zbekiston shaharlari qanday ko‘rinishda bo‘lishi va issiqroq hamda quruqroq iqlim sharoitida qanday faoliyat yuritishi bilan bog‘liq.
Toshkent: daraxtlar shahar iqlim infratuzilmasi sifatida
Toshkent tobora issiqroq shaharga aylanmoqda. Haroratning ko‘tarilishi, issiq kunlarning ko‘payishi, quruq havo va changning ortishi shahar muhitiga bosimni kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda daraxt oddiy obodonlashtirish vositasi emas, u shaharning tabiiy «sovutish tizimi»ga aylanadi. Daraxtlar soya beradi, yer yuzasining qizib ketishini kamaytiradi, changni ushlab qoladi va «issiqlik oroli» ta’sirini yumshatadi. Shu sababli Toshkentda ko‘kalamzorlashtirishni iqlimga moslashuvning muhim infratuzilmasi sifatida ko‘rish kerak. O‘zbekistonda «Yashil makon» loyihasi doirasida har yili minglab daraxtlar ekilmoqda. Аfsuski, yil boshida «qancha daraxt ekildi?» savoli yil oxirida «ularning qanchasi yashab qoldi?», degan savolga aylanmoqda va aksariyat holatda unga javob yo'q. Buni Toshkent viloyatidagi 2025-yilgi «Yashil makon» mavsumidagi holatlar ham ko‘rsatadi: ayrim ekilgan ko‘chatlarning agrotexnik parvarishi o‘z vaqtida bajarilmagani sababli qurib qolgan. Natijada 161 ta korxona va tashkilot mas’ullariga choralar ko‘rilgan, 500 dan ortiq majburiy ko‘rsatma berilgan. Demak, daraxt ekish ishning boshlanishi. Uni sug‘orish, parvarish qilish va voyaga yetkazish esa iqlimga moslashuvning haqiqiy natijasidir.
337 ming daraxt — ammo ularning holati qanday?
Toshkentda daraxtlarning raqamli hisobi ham yuritilmoqda. Elektron tizimga 337 mingdan ortiq daraxt kiritilgan. Ekofaol
Feruzbek Sayfullayev daraxtlarning elektron «pasporti»ni yashil hududlarni boshqarish uchun muhim vosita deb hisoblaydi. Bunday tizim orqali daraxtning turi, joylashuvi, yoshi va holatini kuzatish, unga zarur parvarishni belgilash mumkin. Ammo raqamli ro‘yxatning o‘zi daraxtni himoya qilmaydi. Sayfullayevning fikricha, eng muhimi daraxtni real saqlash, parvarish qilish va katta yoshli daraxtlarni asrab qolish. U Toshkent tumanidagi 2,5 gektar maydonda ekilgan 1 758 ta daraxtni boshqa hududga ko‘chirish masalasida ham ularning kesilishi yoki nobud bo‘lishining oldini olish zarurligini ta’kidlagan. Bu fikr muammoning yana bir tomonini ochadi: yangi daraxt ekishdan oldin mavjud daraxtni qanday saqlab qolish mumkinligini o‘ylash kerak.
Toshkentning yashil kelajagi suv masalasiga bevosita bog‘liq. Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tanqisligi kuchayib borayotgan bir paytda ko‘proq daraxt ekish bilan birga ularni qanday sug‘orish masalasiga ham javob topish zarur. Shuning uchun kelajakdagi ko‘kalamzorlashtirishda suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari, yom‘ir suvini yig‘ish va xavfsizlik talablari asosida tozalangan oqova suvdan foydalanish kabi yechimlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda daraxt turi ham muhim. Toshkent iqlimiga mos, kamroq suv talab qiladigan va uzoq yashaydigan turlarni tanlash ko‘chatlarning yashab qolish imkoniyatini oshiradi.
Yangi ko‘chat katta daraxtning ekologik funksiyasini darhol bajara olmaydi. Katta daraxt allaqachon soya beradi, changni ushlab qoladi va shahar mikroiqlimini yumshatadi. Shu sababli qurilish, yo‘l kengaytirish yoki boshqa infratuzilma loyihalari oldidan mavjud daraxtlarni saqlab qolish imkoniyati birinchi navbatda ko‘rib chiqilishi kerak. Feruzbek Sayfullayevning daraxtlarni saqlash bo‘yicha pozitsiyasi ham aynan shu masalaga e’tibor qaratadi. U 1 758 ta daraxt bilan bog‘liq vaziyatda «daraxtlar shunchaki raqam emas», balki hududning yashilligi, havosi va kelajagi ekanini ta’kidlagan.
Daraxt ekishdan yashil shahar yaratishgacha
Toshkentga shunchaki ko‘proq daraxt emas, barqaror yashil tizim kerak. Buning uchun uchta masala bir vaqtda hal qilinishi lozim: mavjud katta daraxtlarni saqlash, yangi ko‘chatlarning yashab qolishini ta’minlash va suvdan oqilona foydalanish. Raqamli reyestr esa bu jarayonning nazorat vositasiga aylanishi mumkin. Unda daraxtning nafaqat borligi, balki holati va parvarishi ham muntazam yangilanib borilsa, «Yashil makon»ning natijasini aniqroq baholash mumkin bo‘ladi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida daraxt shahar bezagi emas. U Toshkentning issiqlik, chang va suv tanqisligi kabi xavflarga moslashishida tabiiy himoya vositasidir.
Shaharlar suvni tejashni o‘rganishi kerak
O‘zbekiston shaharlari uchun suv iqlim o‘zgarishiga moslashuvning asosiy resurslaridan biriga aylanmoqda. Jahon banki baholariga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekistonda suv mavjudligi 30–40 foizga qisqarishi mumkin. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligining sug‘orish suviga bo‘lgan ehtiyoji taxminan 25 foizga oshishi mumkin. Haroratning ko‘tarilishi bug‘lanishni kuchaytiradi va natijada suvga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi Loyihalarni amalga oshirish agentligi rahbari Vadim Sokolov yana bir muhim
muammoga e’tibor qaratadi: yog‘ingarchilik rejimi tobora oldindan
aytish qiyin bo‘lgan holatga kelmoqda. Qurg‘oqchilik bilan bir qatorda kuchli
jala yomg‘irlari ham kuzatilmoqda. Qisqa vaqt ichida bir oylik yoki hatto ikki
oylik yog‘in me’yori tushishi mumkin. Ekspertning fikricha,
«aqlli» suv boshqaruviga o‘tish zarur. Buning uchun tuproq namligini
o‘lchaydigan datchiklar, sug‘orishni raqamli boshqarish, avtomatlashtirilgan
monitoring tizimlaridan foydalanish va ayni paytda kuchli yog‘ingarchilik
paytida suvni yig‘ib olishni o‘rganish kerak. Shaharlar uchun bu
qo‘shimcha suv manbalarini izlash va yo‘qotishlarni kamaytirishni anglatadi:
tozalangan oqova suvlarni texnik ehtiyojlar va ko‘kalamzorlashtirish uchun
ishlatish, yomg‘ir suvini yig‘ish va suv iste’molini raqamli nazorat qilish.
Qoraqalpog‘iston: tozalangan suvdan qayta foydalanish
Qoraqalpog‘istonda buning
amaliy misollaridan biri paydo bo‘lmoqda. Bu yerda Yaponiyaning
Johkasou mahalliy tozalash tizimlari joriy etilayotir. Tozalangan suv bog‘lar va
kichik qishloq xo‘jaligi maydonlarini sug‘orishda ishlatilishi mumkin. Taqdim etilgan
ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rnatilgan tizimlar yiliga taxminan 12–13 gektar yerni
sug‘orish uchun yetarli miqdorda tozalangan suv beradi. Ular, xususan, ijtimoiy
muassasalar, bolalar bog‘chasi va ixtisoslashtirilgan maktabda
qo‘llanmoqda. Qoraqalpog‘iston qishloq
xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti dotsenti, PhD Amanbay Saparov shahar
va qishloqlarda suv ta’minotini bir nechta manbalardan foydalanishga asoslangan
tizim sifatida ko‘rib chiqishni taklif qiladi: chuchuk suv ichimlik va
maishiy ehtiyojlar uchun, tozalangan oqova suvlar texnik ehtiyojlar va
ko‘kalamzorlashtirish uchun, yomg‘ir suvi yig‘ish va keyinchalik foydalanish
uchun, raqamli nazorat esa suv yo‘qotishlarini minimallashtirish uchun. Bunda ekspert oqova
suvlarni qayta ishlatish faqat suv sifatini qat’iy nazorat qilish sharti bilan
mumkinligini ta’kidlaydi. Nafaqat patogenlar, balki tuzlar, natriy, og‘ir
metallar va boshqa ifloslantiruvchi moddalarni ham nazorat qilish zarur. Qurg‘oqchil hududlardagi shaharlar uchun suvni qayta ishlatish yopiq suv
aylanish tizimining bir qismiga aylanishi mumkin.
Nukus va Orolbo‘yi: chang-to‘zonlarga moslashuv
Nukus va Orolbo‘yining boshqa aholi punktlari uchun iqlim o‘zgarishiga moslashuvning eng dolzarb masalalaridan biri — qurigan Orol tubidan ko‘tarilayotgan chang va tuz bo‘ronlarini jilovlash. O‘zbekiston hududidagi qurigan dengiz tubining
qariyb 2,7 million gektari ana shunday bo‘ronlar manbaiga aylangan. Bu chang faqat ekologik muammo emas. Havoga ko‘tarilgan mayda zarrachalar nafas olish va yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chang-to‘zonlarni havo ifloslanishining muhim manbalaridan biri sifatida baholaydi. Orolbo‘yi sharoitida esa bu xavf qurg‘oqchilik, cho‘llanish va suv tanqisligi bilan yanada kuchayadi. Shu nuqtayi nazardan, qurigan dengiz tubiga saksovul ekish oddiy ko‘kalamzorlashtirish emas. Bu aholini chang-to‘zonlardan himoya qilishga xizmat qiladigan tabiiy infratuzilma yaratishdir. Saksovul ildizlari tuproqni mustahkamlaydi, qum va tuzning shamol bilan ko‘chishini kamaytiradi. BMT Taraqqiyot Dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, yetuk saksovul butasi katta miqdordagi ko‘chma qumni ushlab qolishi mumkin, yetti yillik saksovulzorlar esa yerga yaqin qatlamdagi shamol tezligini keskin pasaytiradi. Bu esa tuz-chang bo‘ronlarining tarqalishini cheklashga yordam beradi. Orolbo‘yida muhim masala endi faqat qancha ko‘chat ekilgani emas, ularning qanchasi yashab qolayotgani.
Chunki ekstremal issiq, sho‘rlangan tuproq va namlik tanqisligi sharoitida har bir ko‘chatning omon qolishi alohida ahamiyatga ega. «Green Aral Sea» tashabbusi doirasida 2025-yil mart oyida Mo‘ynoq tumanidagi qurigan Orol tubining 80 gektar maydoniga 80 ming tup saksovul ekildi. Bu jarayonda ko‘chatlarning ekstremal sharoitda yashab qolish imkoniyatini oshirishga qaratilgan innovatsion usullar ham sinovdan o‘tkazildi. Orolbo‘yida ekologik tiklanishning keyingi bosqichi «ko‘chat ekish»dan «barqaror saksovulzor yaratish»ga o‘tishi kerak. Buning uchun ekilgan maydonlarni muntazam monitoring qilish, yashab qolish darajasini baholash va samarali texnologiyalarni kengaytirish muhim.
Orol tubida saksovulzorlar barpo etilishi Nukusdan ajratilgan jarayon emas. Chang va tuz bo‘ronlari hududlar o‘rtasida chegarani bilmaydi. Shu sababli qurigan dengiz tubini barqarorlashtirish bilan bir qatorda, Nukusning o‘zida ham yashil infratuzilmani kuchaytirish zarur. Daraxtzor ko‘chalar, soyali piyodalar yo‘laklari, yashil hududlar va himoya daraxtzorlari shahar ichidagi changni kamaytirish, issiqlikni yumshatish va aholiga qulayroq mikroiqlim yaratishga xizmat qilishi mumkin. Bunday yondashuvda Orol tubidagi saksovulzorlar tashqi ekologik «qalqon» vazifasini bajarsa, Nukusdagi yashil hududlar shahar miqyosidagi ichki himoya tizimiga aylanadi. Shu sababli Orolbo‘yi shaharlarining iqlimga moslashuv siyosatini faqat cho‘llanishga qarshi kurash bilan cheklab bo‘lmaydi. Qurigan dengiz tubini mustahkamlash, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish, havo sifatini monitoring qilish va aholiga chang bo‘ronlari haqida tezkor axborot berish bir-birini to‘ldiradigan yagona tizim sifatida ishlashi kerak. BMTTD ham Orolbo‘yida havo, tuproq va suv resurslarini monitoring qilishning kompleks tizimini rivojlantirish zarurligini ta’kidlamoqda. Orolbo‘yida saksovul shunchaki cho‘l o‘simligi emas. U tuproqni ushlab turuvchi, chang-to‘zonni jilovlovchi va inson yashaydigan hududlarni himoya qiluvchi tabiiy iqlim infratuzilmasining bir qismidir.
Ekstremal jala yomg‘irlariga shaharlar qanday tayyorlanadi?
Shaharlarning moslashuvi
faqat issiqlik va qurg‘oqchilikka qarshi kurashdan iborat emas. Gidrometeorologiya ilmiy
tadqiqot instituti amaliy iqlimshunoslik laboratoriyasi mudiri E.I.
Abdullahatovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda kuchli jala yomg‘irlari,
momaqaldiroq, chaqmoq, do‘l, uzoq davom etadigan qurg‘oqchilik va ob-havoning
keskin o‘zgarishi tobora ko‘proq kuzatilmoqda. Ilgari juda kam uchragan ayrim
ekstremal hodisalar bugungi kunda tez-tez takrorlanmoqda.Shaharlar uchun bu
infratuzilmani loyihalashda iqlim xatarlarini oldindan hisobga olish
zarurligini anglatadi. Qisqa vaqt ichida kuchli
yog‘ingarchilik tushishi yomg‘ir suvlarini samarali chiqarish va to‘plash
tizimlarini talab qiladi. Shu bilan birga, jala vaqtida yig‘ilgan suv keyingi
qurg‘oqchil davrda qo‘shimcha resurs sifatida foydalanilishi mumkin. Shuning uchun kelajak
shahri bir vaqtning o‘zida ortiqcha suvni tez va xavfsiz chiqarib yuborish
hamda undan keyinchalik foydalanish uchun suvni saqlab qolish imkoniyatiga
ega bo‘lishi zarur.
O‘zbekistonning yashil shahri qanday bo‘lishi kerak?
Iqlimga moslashuv shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish tushunchasiga ham yangicha qarashni talab qiladi. Shunchaki ko‘proq daraxt ekish yetarli emas. Suv tanqisligi sharoitida mahalliy iqlimga moslasha oladigan daraxt turlarini tanlash, sug‘orish tizimini rejalashtirish va parvarishni ta’minlash zarur. Samaradorlikni aniq ko‘rsatkichlar orqali baholash mumkin:
nechta daraxt haqiqatan ham yashab qoldi, soya maydoni qanchalik kengaydi, yer yuzasining harorati pasaydimi, yashil hududlarni saqlash uchun qancha suv sarflanmoqda, chang miqdori kamayganmi, biologik xilma-xillik oshganmi, yashil hududlar aholiga qanchalik qulay va ochiq bo‘ldi. Bunday yondashuv ko‘kalamzorlashtirishni oddiy daraxt ekish kampaniyasidan to‘laqonli iqlim infratuzilmasiga aylantiradi.
Iqlim o‘zgarishi va ayollar: nega gender omili hisobga olinishi kerak?
Iqlim o‘zgarishi shahar aholisining barcha qatlamlariga ta’sir qiladi, biroq uning oqibatlari hamma uchun bir xil emas. Ayollar, ayniqsa qishloq hududlarida va ijtimoiy jihatdan zaif oilalarda yashovchi ayollar uchun iqlimiy stress nafaqat suv tanqisligi yoki daromadlarning kamayishini, balki uy yumushlarining ko‘payishi, iqtisodiy qaramlik va ijtimoiy xavflarning ortishini ham anglatishi mumkin. Jizzax viloyati «Qalb Nuri» Ayollar va ularning oilalariga ijtimoiy-huquqiy yordam markazi direktori Nodira Alimovaning ta’kidlashicha, iqlim va ijtimoiy muammolarni o‘zaro bog‘liq holda ko‘rib chiqish zarur.
Qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, oilalar daromadlarining kamayishi, hosilning yo‘qolishi va asosiy resurslar narxining oshishi oiladagi iqtisodiy va psixologik bosimni kuchaytirishi mumkin. Bunday sharoitda ayollar va bolalar ayniqsa zaif guruhga aylanishi ehtimoli yuqori. Muhim jihati shundaki, iqlim o‘zgarishining o‘zi gender zo‘ravonligining sababi emas. Biroq iqlimiy stress allaqachon mavjud bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy xavf omillarini kuchaytirishi mumkin. Daromadning yo‘qolishi, ishsizlik, qarzdorlik, majburiy migratsiya, suv tanqisligi, bolalar va keksalarga g‘amxo‘rlik qilish yukining ortishi oilalarda qo‘shimcha keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin. Ayniqsa, qishloq hududlarida bu muammo yaqqol ko‘rinadi.
Suv kamayganda ayollar oilani suv bilan
ta’minlash va uy yumushlarini bajarishga ko‘proq vaqt sarflashiga to‘g‘ri
kelishi mumkin. Qurg‘oqchilik yoki haddan tashqari issiqlik tufayli hosil
kamayganda esa oilalar daromadi qisqaradi. Shu bilan birga, ayollar ko‘pincha
moliyaviy resurslar, mulk, texnologiyalar va mustaqil qaror qabul qilish
imkoniyatlariga kamroq ega bo‘ladi. Natijada o‘ziga xos yopiq
doira yuzaga keladi: iqlimiy stress iqtisodiy zaiflikni kuchaytiradi, iqtisodiy
zaiflik ijtimoiy keskinlikni oshiradi, mavjud gender tengsizligi esa ayollar
uchun xavflarni kuchaytiradi. Shuning uchun iqlimga
moslashuv nafaqat harorat, suv, hosildorlik yoki o‘rmon maydoni kabi fizik
ko‘rsatkichlarni, balki ijtimoiy oqibatlarni ham hisobga olishi kerak. Ayollar
iqlim xatarlari haqida axborot olish, moslashuv resurslari, kasbiy ta’lim, moliyaviy
vositalar va ish bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur. Ayniqsa qishloq
hududlaridagi ayollar bilan ishlash muhim, chunki iqlim o‘zgarishi bu yerda
suv, qishloq xo‘jaligi va oilalar daromadlariga bevosita ta’sir qiladi. Iqlimga
moslashuv dasturlarida zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlari, ijtimoiy
xizmatlardan foydalanish va o‘z vaqtida yordam olish imkoniyatlari ham bo‘lishi
kerak. Iqlimga
moslashuv siyosati faqat daraxt ekish, suvni tejash yoki infratuzilmani
modernizatsiya qilish bilan cheklanmasligi kerak. U aholining turli
guruhlariga, jumladan ayollarga iqlim o‘zgarishi qanday ta’sir qilayotganini
ham hisobga olishi lozim.
Iqlimga moslashuv insonlar salomatligi va xavfsizligi masalasi
Haroratning oshishi shahar aholisiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. E.I. Abdullahatovning so‘zlariga ko‘ra, haroratning ko‘tarilishi va issiq davrlarning uzayishi organizmga qo‘shimcha yuklama berishi, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishi va boshqa salomatlik muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun shaharlarni moslashtirishda nafaqat suv va yashil hududlar, balki aholining qulayligi ham hisobga olinishi kerak: soya va salqin jamoat joylarining mavjudligi, yashil hududlardan foydalanish imkoniyati hamda noqulay ob-havo sharoitlari haqida aholiga o‘z vaqtida axborot berish tizimlari rivojlantirilishi zarur.
O‘zbekiston shaharlari uchun jahon tajribasidan qanday saboq olish mumkin?
Iqlim o‘zgarishi O‘zbekiston shaharlarining kundalik hayotiga tobora ko‘proq
ta’sir qilmoqda. Issiqning kuchayishi, quruq havo, chang, suv tanqisligi,
kuchli yog‘ingarchilik va «issiqlik oroli» effekti endi faqat ekologik emas,
balki shaharsozlik va aholi salomatligi masalasiga ham aylanmoqda. Jahon
tajribasi bir haqiqatni ko‘rsatadi: iqlimga mos shahar faqat beton va
muhandislik inshootlari bilan emas, tabiat bilan ham quriladi. Masalan,
Kolumbiyaning Medellin shahrida «Yashil koridorlar» orqali daraxtzorlar va
yashil hududlar bir-biri bilan bog‘langan. O‘zbekiston shaharlari uchun bundan
muhim saboq bor: parklarni alohida «yashil orollar» sifatida emas, balki
ko‘chalar, piyodalar yo‘laklari, kanallar va shahar atrofi bilan bog‘langan
yagona ekologik tarmoq sifatida rivojlantirish kerak.
Samarqand, Buxoro, Qarshi,
Termiz, Navoiy kabi issiq va quruq iqlimli shaharlarda yozgi harorat tobora
jiddiy muammoga aylanmoqda. Shaharning faqat konditsionerlar orqali sovitilishi
esa energiya sarfini oshiradi. Daraxtlar, soyali yo‘laklar, yashil tomlar, issiqlikni kam yutadigan qoplamalar
va ochiq yashil hududlar shahar mikroiqlimini tabiiy ravishda yumshatishi
mumkin. Shuning uchun ko‘kalamzorlashtirishni shunchaki obodonlashtirish emas, iqlimiy
infratuzilma sifatida ko‘rish zarur. O‘zbekiston
shaharlari bir vaqtning o‘zida ham suv tanqisligi, ham qisqa muddatli kuchli
yog‘ingarchilikka duch kelmoqda. Xitoyning Uxan shahridagi «Sponge City» -«Shimgich
shahar» konsepsiyasi yomg‘ir suvini tez chiqarib yuborish emas, balki ushlab
qolish, tuproqqa singdirish va qayta foydalanishga asoslangan. Bu
yondashuv O‘zbekiston uchun ham muhim. Yomg‘ir suvini yig‘ish, suv o‘tkazuvchan
qoplamalardan foydalanish, tabiiy drenaj va ariqlarni saqlash, tozalangan oqova
suvdan yashil hududlarni sug‘orishda foydalanish suv tanqisligini yumshatishga
yordam berishi mumkin.
Shahar havosi: transportdan yashil hududlargacha
Avtomobillar,
sanoat, issiqxonalar, qurilish va chang shahar havosiga bosimni kuchaytiradi.
Shu sababli jamoat transportini rivojlantirish, elektr transportiga o‘tish,
piyoda va velosiped infratuzilmasini kengaytirish bilan bir qatorda yashil
hududlarni ko‘paytirish ham zarur. 2026-yilda
O‘zbekistonda shaharlarning iqlimga chidamliligini oshirishga qaratilgan
yondashuvlar ham kuchaymoqda. Jumladan, 16 ta tuman va shaharda infratuzilma,
transport, jamoat joylari va yashash muhitini iqlim xavflarini hisobga olgan
holda rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Har bir shaharning o‘z «yashil retsepti» bo‘lishi kerak
Samarqandda 2026-yilda energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ekologik transportni rivojlantirish, yashil turistik hududlar yaratish va shahar atrofida 102,7 kilometr uzunlikdagi yashil belbog‘ barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu tajriba muhim bir tamoyilni ko‘rsatadi: yashil belbog‘, transport, suv va shaharsozlik siyosati bir-biridan alohida emas, yagona ekologik tizim sifatida ko‘rilishi kerak. O‘zbekistonning barcha shaharlari uchun bir xil model ishlamaydi. Qoraqalpog‘istonda asosiy xavf Orolbo‘yidan kelayotgan chang-to‘zonlar. Buxoro va Navoiyda suv tanqisligi va quruq iqlim. Qashqadaryo va Surxondaryoda issiqlik va suv muammolari. Farg‘ona vodiysida esa aholi zichligi, transport va yashil hududlarga ehtiyoj dolzarb. Shuning uchun yagona «yashil shahar» qolipidan ko‘ra, har bir shaharning iqlimiy xavflariga moslashgan reja zarur. Jahon tajribasini O‘zbekistonga aynan ko‘chirish shart emas. Muhimi, uning asosiy tamoyilini anglash: shahar tabiatga qarshi emas, tabiat bilan birga ishlashi kerak. Daraxt issiqni kamaytiradi, yashil belbog‘ changni ushlaydi, tabiiy drenaj suvni saqlaydi, suv o‘tkazuvchan qoplama yomg‘irni tuproqqa qaytaradi, ekologik transport esa havoni tozalashga xizmat qiladi. Iqlimga mos shahar shunchaki ko‘proq daraxt ekilgan shahar emas. Bu suvni tejaydigan, havosi toza, issiqlikdan himoyalangan, yashil hududlari bog‘langan va aholiga qulay yashash muhitini yaratgan shahardir.
Turli hududlar tajribasi
O‘zbekiston shaharlarida iqlimga moslashuvning alohida vositalari allaqachon
shakllanayotganini ko‘rsatadi. Toshkentda yashil
hududlarning raqamli hisobi yuritilmoqda. Qoraqalpog‘istonda tozalangan oqova
suvlarni qayta ishlatish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Orolbo‘yida
saksovul ekish orqali qurigan dengiz tubini mustahkamlash va chang-to‘zonlarni
kamaytirish ishlari olib borilmoqda. Mamlakatda suvni tejovchi texnologiyalar,
raqamli monitoring va tabiiy resurslarni boshqarish tizimlari
rivojlantirilmoqda. Ammo shaharning iqlimiy
barqarorligi bitta loyiha bilan yaratilmaydi. Suvni tejash, katta
yoshli daraxtlarni saqlash, yashil hududlarni kengaytirish, yomg‘ir suvini
yig‘ish, tozalangan oqova suvlarni qayta ishlatish, ekstremal issiq va jala
yomg‘irlariga tayyorlanish, monitoring tizimlarini takomillashtirish va aholini
iqlim xatarlari haqida xabardor qilish bir-biri bilan bog‘liq holda amalga
oshirilishi kerak. Bundan tashqari, iqlimga
moslashuvning ijtimoiy tomonini ham unutmaslik zarur. Ayollar, bolalar,
nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa zaif guruhlarning axborot, ijtimoiy
xizmatlar, moliyaviy resurslar va huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyati ham
iqlimiy barqarorlikning bir qismidir. O‘zbekiston
shaharlari qanday qilib yanada salqin, suvdan samarali foydalanadigan, yashil
va ekstremal ob-havo hodisalariga chidamli shaharlarga aylanishi mumkin? Buning uchun dastlabki
yechimlar allaqachon mavjud. Endi vazifa samarali loyihalarni kengaytirish,
samarasiz amaliyotlardan voz kechish va iqlimga moslashuv natijasini ekilgan
daraxtlar yoki o‘rnatilgan uskunalar soni bilan emas, balki odamlarning hayoti
qanchalik xavfsiz, qulay, barqaror va iqtisodiy jihatdan himoyalangan
bo‘layotgani bilan baholashdir.
Nargis Qosimova


