Joriy yilning 19-dekabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzuridagi “Fayzobod” transport vositalarini diagnostik tekshiruv markazida tushuntirish tadbirini o‘tkazdi.
Tadbirda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ekologik stiker nima?
Ekologik stiker — bu jarima yoki cheklov emas, balki avtomobilning ekologik holatini ko‘rsatuvchi indikator, haydovchining mas’uliyati va toza havo hamda barqaror kelajakka qo‘shgan hissasining ramzidir.
❗️Muhim: ekologik stikerlar bepul taqdim etiladi.
📍 Stikerlar qanday va kimlarga beriladi?
Ekologik stikerlar:
avtomobil egasining ixtiyoriy elektron murojaati asosida — bepul;
transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida — birinchi bepul diagnostik tekshiruv natijalariga asosan beriladi.
🚦 Avtomobillarning ekologik toifalari
Tizim doirasida avtomobillar bosqichma-bosqich quyidagi toifalarga ajratiladi:
🟢 “toza”
🟡 “o‘rtacha”
🔴 “zararli”
Toifa ekologik me’yorlar asosida belgilanadi, stiker rangi esa avtomobilning atrof-muhitga ta’sir darajasini aks ettiradi.
🔄 “O‘rtacha” yoki “zararli” toifaga mansub avtomobil egalari yiliga bir marta bepul qayta diagnostik tekshiruvdan o‘tish, ekologik toifani yaxshilash va yangi ekologik stiker olish huquqiga ega.
🌱 Nega bu muhim?
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, mamlakatimizda havoning ifloslanish darajasi hanuz yuqori bo‘lib qolmoqda.
Joriy yilgi o‘ta qurg‘oqchil kuz, suv resurslarining qisqarishi, sanoat korxonalari va transport vositalaridan chiqayotgan chiqindilar natijasida Toshkent shahri va boshqa aholi punktlari havosi ifloslangan hududlar qatoridan joy oldi.
📊 Tibbiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda har 100 ming aholi hisobiga 11 034,8 ta nafas yo‘llari va allergik kasalliklar qayd etilgan bo‘lib, ularning katta qismi bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Havoning ifloslanishi aholining sog‘lig‘i, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji va xalqaro imijiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
📜 Huquqiy asos
“Ekologik transport” tizimi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi 750-son qarori asosida joriy etilib, quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
2025–2027-yillar — Toshkent shahri
2028–2030-yillar — Nukus shahri va viloyat markazlari
2031–2034-yillar — mamlakatning barcha hududlari
🏙 Ekologik zonalar
Ekologik zonalar hududlari mahalliy xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilanadi.
Ushbu zonalarda ekologik stikeri bo‘lmagan “o‘rtacha” va “zararli” toifadagi avtomobillarning harakati cheklanadi, shu bilan birga aholining ijtimoiy holatini inobatga olgan kompensatsiya va imtiyozlar mexanizmlari nazarda tutiladi.
✨ Ekologik stiker — kichik qadam, ammo katta ahamiyatga ega.
U ekologik madaniyatni shakllantirishga, havoning ifloslanishini kamaytirishga va shaharlarimizni sog‘lom hamda yashash uchun qulay qilishga xizmat qiladi.
📢 Bizga qo‘shiling!
Ekologik stikerni bepul oling va O‘zbekistonning ekologik transformatsiyasi jarayonining bir qismiga aylaning 🌍💚