Chiqindilarni boshqarish sohasida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov boshchiligida sanitar tozalash korxonalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Unda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovning axboroti tinglanib, sohadagi 111 ta korxona, jumladan 15 ta davlat, 50 ta DXSH, 5 ta klaster va 41 ta muqobil korxonalar faoliyati tahlil qilindi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, chiqindilardan muqobil energiya olishni 35 foizga oshirish va poligonlarni 50 foizga qisqartirish vazifalari koʻrib chiqildi.
Aholining roziligini oshirish uchun chiqindilarni olib ketish grafiklariga rioya etish, CHall-markazlar va onlayn platformalar ishini kuchaytirish hamda “mahalla yettiligi” bilan muammoli nuqtalarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Sohada 12 ta yangi imtiyoz joriy etildi va 12 ta mavjud preferensiya muddati uzaytirildi.
Shuningdek, amalga oshirilgan ishlarga ham toʻxtalinib, 47 ta poligon rekultivatsiya qilinib yopildi, 37 tasi esa elektron tarozi va kuzatuv kameralari bilan jihozlangani maʼlum qilindi. Muhim jihati 2026-yil 1-yanvardan toʻlovlar faqat koʻrsatilgan xizmat hajmiga qarab onlayn undiriladi va mablagʻlar Agentlik hisob raqami orqali KPI asosida taqsimlanadi.
Uchrashuvda Aziz Abduhakimov tomonidan tarif siyosatini qayta koʻrib chiqish, bozorlar va umumovqatlanish obyektlari uchun alohida tariflar joriy etish, imtiyozlarni 2031-yilgacha uzaytirish hamda yoqilgʻi taʼminoti uchun “yashil yoʻlak” tashkil etish masalalariga ham alohida ahamiyat qarilib, masʼullar oldiga tegishli vazifalar qoʻyildi. Qarzdorlikni undirish tizimi elektr energiyasiga integratsiya qilinishi sababli toʻlovlarni toʻliq onlaynga oʻtkazish va yuridik shaxslar bilan ommaviy oferta shartnomalarini tuzish belgilandi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov boshchiligidagi ishchi guruh 2026-yil aprelgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini tahlil qilib, yangi hududlarni biriktirish va xonadonma-xonadon targʻibot ishlarini tashkil etishga masʼul etib belgilandi.