“Ekolog” jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Jurnalistlar, blogerlar va fuqarolik jamiyati vakillarining ekologik korrupsiyaga qarshi kurashishdagi bilim va salohiyatini oshirish” nomli ijtimoiy loyiha Andijon viloyatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida tashkil etilgan seminar-treninglarning ikkinchi qismida ishtirokchilar uchun trenerlar tomonidan bir qator muhim va dolzarb mavzular yuzasidan maxsus sessiyalar o‘tkazildi. Jumladan, “eko feyklar” tushunchasi, ularning qanday tarqalishi va jamiyatga ta’siri haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ekologiya sohasida eng ko‘p uchraydigan korrupsion holatlar, ularning baholanishi hamda ushbu yo‘nalishdagi xavfli tendensiyalar yuzasidan muhokamalar tashkil etildi. Ishtirokchilar mazkur mavzular bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi hamda savol-javoblar orqali bilimlarini yanada mustahkamlashdi.
Kunning ikkinchi yarmida esa O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Andijon viloyat televideniyesida efirga uzatiladigan “Dolzarb mavzu” tok-shousida trening ishtirokchilari ishtirokida ekologik korrupsiya masalasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi. Dastur davomida mutaxassislar va ishtirokchilar ekologik muammolar, ularning korrupsiya bilan bog‘liq jihatlari hamda yechimlar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, ikki kun davom etgan o‘quv-treninglarda faol ishtirok etgan qatnashchilar “Ekolog” jamoat birlashmasining maxsus sertifikatlari bilan taqdirlandilar. Bu esa ularning ekologik korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilim va faolligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.