Ekolog jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Jurnalistlar, blogerlar va fuqarolik jamiyati vakillarining ekologik korrupsiyaga qarshi kurashishdagi bilim va salohiyatini oshirish” nomli ijtimoiy loyiha doirasida Xorazm viloyatida ikki kunlik maxsus trening muvaffaqiyatli yakunlandi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga ekologik korrupsiya tushunchasi batafsil yoritildi. Mutaxassislar tomonidan uning nafaqat tabiatga, balki jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, noqonuniy resurslardan foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunbuzarliklar va ularning oqibatlari misollar bilan tushuntirildi.
Trening jarayonida OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining ekologik korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar ushbu yo‘nalishda jurnalistlar va blogerlar qanday qilib jamoatchilik nazoratini kuchaytirishi, muammolarni ochiq yoritishi va shaffoflikni ta’minlashga hissa qo‘shishi mumkinligi haqida amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
Treningning ikkinchi kunida barcha ishtirokchilar “Ekolog” jamoat birlashmasi tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Bu ularning ekologik masalalardagi bilim va faolligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilar Xorazm viloyati Teleradio kompaniyasida “Eko korrupsiya” mavzusiga bag‘ishlangan maxsus teleko‘rsatuvda qatnashdilar. Dastur davomida ular mutaxassislar bilan ochiq muloqot olib borib, ekologik korrupsiyaning turli jihatlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Mazkur loyiha jurnalistlar va blogerlarning ekologik muammolarni yoritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning kasbiy mas’uliyatini kuchaytirish hamda jamiyatda ekologik adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tashkilotchilar fikriga ko‘ra, bunday treninglar kelgusida ekologik sohada shaffoflikni ta’minlash, fuqarolik nazoratini kuchaytirish va korrupsion holatlarning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.