Bugungi iqlim diplomatiyasining asosiy muammosi yangi maqsadlarni belgilashdan ko‘ra, ularni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini yaratishdir. Mamlakatlar uglerod chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish bo‘yicha majburiyatlar olmoqda. Ammo bu majburiyatlarning bajarilishi siyosiy iroda, iqtisodiy imkoniyatlar, texnologik salohiyat va moliyaviy resurslarga bog‘liq. Shu bois COP31 natijalarini baholashda eng muhim mezon  e’lon qilingan tashabbuslarning real ekologik va ijtimoiy natijalarga aylanishidir.

Va’dalar va real ekologik o‘zgarishlar o‘rtasidagi masofa

Iqlim konferensiyalarida qabul qilinadigan qarorlar ko‘pincha uzoq muddatli maqsadlar, milliy strategiyalar va investitsiya rejalariga asoslanadi. Biroq iqlim inqirozi kechiktirilgan qarorlarni kutmaydi. Har yili kuchayib borayotgan issiqlik to‘lqinlari, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, sel va toshqinlar, o‘rmon yong‘inlari hamda biologik xilma-xillikning yo‘qolishi ekologik muammolarning inson hayotiga ta’sirini yanada kuchaytirmoqda.

Konferensiyadan keyin mamlakatlar faoliyatini baholashda aniq savollar qo‘yilishi kerak: qancha suv tejab qolindi? Qancha degradatsiyaga uchragan yer tiklandi? Qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari qanchalik oshdi? Atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori kamayaptimi? Iqlim xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda aholini himoya qilish uchun qanday mexanizmlar yaratildi?

Bu savollar ekologik siyosatning deklarativ bayonotlardan amaliy boshqaruvga o‘tishini ta’minlashda muhimdir. Har bir iqlim qarorining natijasi raqamlar, monitoring, mustaqil baholash va jamoatchilik uchun ochiq ma’lumotlar orqali tekshirilishi mumkin bo‘lishi lozim.

Markaziy Osiyo: iqlim muammolari chegaralarni tan olmaydi

Markaziy Osiyo uchun COP31ning ahamiyati, avvalo, mintaqadagi umumiy ekologik xavflar bilan belgilanadi. Suv resurslarining kamayishi, muzliklarning qisqarishi, cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi, chang bo‘ronlari va ekstremal haroratlar bir mamlakatning muammosi emas. Bu jarayonlar butun mintaqaning iqtisodiyoti, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va ekologik barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida iqlim ma’lumotlarini almashish, transchegaraviy ekologik monitoringni kuchaytirish, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish va qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.


Mintaqaviy hamkorlik faqat diplomatik uchrashuvlar bilan cheklanmasligi kerak. Uning asosida umumiy ma’lumotlar bazalari, ilmiy tadqiqotlar, ekologik monitoring, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha kelishuvlar va qo‘shma investitsiya loyihalari bo‘lishi zarur.

Ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyat, chang va tuz bo‘ronlari, suv resurslarining taqchilligi hamda aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolar mintaqaviy hamkorlikning naqadar zarurligini ko‘rsatmoqda.

Iqlim moliyalashtirishi: mablag‘ning o‘zi emas, uning samarasi muhim

COP31da iqlim loyihalarini moliyalashtirish masalasi ham muhim o‘rin egalladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish uchun katta moliyaviy resurslarga ehtiyoj sezmoqda. Ammo mablag‘ ajratishning o‘zi yetarli emas.

Iqlim moliyasi qanday loyihalarga yo‘naltiriladi? Uning qancha qismi aholining real ehtiyojlariga xizmat qiladi? Loyihalarning ekologik samarasi qanday baholanadi? Moliyaviy mablag‘larning sarflanishi jamoatchilik uchun ochiqmi?

Bu savollar ayniqsa muhim, chunki iqlim loyihalarining samaradorligini baholash ba’zan murakkablashadi. Masalan, daraxt ekish bo‘yicha hisobotlarda ekilgan ko‘chatlar soni ko‘rsatilishi mumkin. Ammo ularning qancha qismi saqlanib qolgani, qanday ekotizimni shakllantirgani va uzoq muddatli parvarishi haqida ma’lumotlar yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Shuning uchun iqlim moliyalashtirishida shaffoflik, mustaqil audit, monitoring va jamoatchilik nazorati muhim shartlardan biriga aylanishi lozim. Ajratilgan mablag‘lar miqdori emas, ularning ekologik va ijtimoiy samarasi asosiy baholash mezoni bo‘lishi kerak.

Ekologik siyosatning markazida inson bo‘lishi kerak

Iqlim o‘zgarishi haqidagi muhokamalar ko‘pincha iqtisodiy ko‘rsatkichlar, energiya quvvatlari va investitsiyalar hajmi bilan cheklanadi. Ammo iqlim inqirozining eng katta ta’siri inson hayotida namoyon bo‘ladi.

Yuqori haroratlar aholi salomatligiga ta’sir qiladi, suv tanqisligi qishloq xo‘jaligini qiyinlashtiradi, ekologik muammolar esa aholining daromadi, migratsiyasi va ijtimoiy himoyasiga ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, bolalar, keksalar, kam ta’minlangan oilalar, qishloq aholisi va iqlimga bog‘liq sohalarda mehnat qiladigan insonlar xavflarga ko‘proq duch keladi.

Shu sababli iqlim siyosatida ijtimoiy himoya, aholini iqlim xavflari haqida xabardor qilish, sog‘liqni saqlash tizimini tayyorlash va mahalliy jamoalarning moslashuv imkoniyatlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Ekologik barqarorlik faqat tabiatni muhofaza qilish bilan emas, balki insonning xavfsiz va munosib hayot kechirish huquqini ta’minlash bilan ham chambarchas bog‘liq.

Jamoatchilik nazorati va ekologik jurnalistikaning roli

COP31dan keyingi davrda ekologik jurnalistika va fuqarolik jamiyatining roli yanada muhimlashadi. Xalqaro kelishuvlar, milliy strategiyalar va ekologik loyihalarning ijrosini kuzatish, ularning natijalarini tahlil qilish va jamoatchilikka yetkazish jurnalistlar, ekspertlar hamda ekologik tashkilotlarning muhim vazifasidir.

Ekologik jurnalistika faqat tabiatdagi muammolarni tasvirlash bilan cheklanmasligi kerak. U ekologik qarorlarning ijrosini tekshirishi, budjet mablag‘larining sarflanishini tahlil qilishi, ekologik ma’lumotlarning ochiqligini talab qilishi va aholining manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadigan qarorlar haqida xolis axborot berishi lozim.

Iqlim bo‘yicha va’dalarning amalga oshirilishi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lsa, ularning bajarilishiga nisbatan mas’uliyat ham ortadi. Shu ma’noda jurnalistika ekologik siyosatning muhim jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan biri bo‘la oladi.

Antaliyadan keyingi asosiy savol

COP31 iqlim diplomatiyasida yangi tashabbuslar va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi. Ammo konferensiyadan keyingi eng muhim vazifa  e’lon qilingan maqsadlarni aniq harakatlar rejasiga aylantirish.

Markaziy Osiyo uchun bu suv resurslarini samarali boshqarish, ekologik xavflarni kamaytirish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, iqlim moliyasidan samarali foydalanish va aholi manfaatlarini ekologik qarorlarning markaziga qo‘yishni anglatadi.

Iqlim inqiroziga qarshi kurashning haqiqiy natijasi konferensiyalardagi nutqlar bilan emas, balki odamlar nafas olayotgan havo, iste’mol qilayotgan suv, yashayotgan muhit, saqlanib qolgan tabiiy ekotizimlar va kelajak avlodlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan o‘lchanadi.

Nargis Qosimova