“Eko-madaniyat” loyihasi doirasida o‘tkazilgan respublika rasmlar tanlovi yakunlandi. Tanlov bolalarda tabiatga mehr uyg‘otish maqsadida tashkil etilgan edi.

Mazkur tanlov bolalar ongida tabiatga mehr uyg‘otish, atrof-muhitni asrash g‘oyalarini singdirish hamda ularning ijodiy qarashlarini namoyon etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan edi.
Biroq taqdim etilgan rasmlarni kuzatar ekanmiz, ayrim holatlar odamni chuqur o‘yga soladi. Tanlov nomidan kelib chiqib, bolalar nigohida tabiat — go‘zallik, musaffolik, yam-yashil manzaralar, gullar va beg‘ubor tabiat sifatida aks etishi kutilgan edi.
Ammo taqdim etilgan rasmlar o‘ylantirib qo‘ydi…
Ko‘plab ishlarda bolalar tabiat go‘zalligini emas, balki daraxtlar kesilishi, atrof-muhitning zararlanishini tasvirlagan. Hatto bog‘cha yoshidagi bolalar ham tabiatni aynan shunday ko‘rmoqda.
Savol tug‘iladi: nega bolalar tabiatni shunday qabul qilmoqda? Bunga kim aybdor?
Men bolalarga savol berdim:
“Nega shunday rasm chizding?”
Ularning javoblari esa yanada o‘ylantirdi:
— “Hamma joyda qurilish qilaman deb daraxtlar kesilyapti…”
— “Zavodlardan tutun chiqadi…”
— “Hatto shahar markazlarida ham chiqindilar sochilib yotibdi…”
— “Hayvonlar yo‘qolib ketyapti, shundaylari borki, hatto zooparkda ham ko‘rmayapmiz…”
— “O‘rmonlar kamayib ketgan…”
— “Tog‘larga chiqsak, odamlar chiqindilarni tashlab ketishadi…”
— “Plastiklar hayvonlarni nobud qilyapti, suvni ifloslantiryapti…”
— “Iqlim o‘zgaryapti: juda issiq yoki g‘ayritabiiy sovuq bo‘lyapti…”
Bu — bolalar nigohi. Bu — achchiq haqiqat.
Bolalar — jamiyat oynasi. Ular biz ko‘rsatgan dunyoni chizmoqda.
Demak, muammo ham, yechim ham — o‘z qo‘limizda.
Ona tabiat barchamizniki. Uni asrash esa — barchamizning mas’uliyatimiz.