Toshkent markazida yana bir ekologik muammo kuzatilmoqda.

Fuqarolarning murojaatiga ko‘ra, biznes markazi va avtosalon qurilishi bilan shug‘ullanayotgan quruvchilar ariqqa tosh va qurilish chiqindilarini tashlab, uni ifloslantirmoqda.
Mazkur holat Mirzo Ulug‘bek tumani hududida, Katta Darxon ko‘chasida joylashgan bo‘lib, Osh muzeyi (Plov Museum) orqa tomonida sodir bo‘lmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekistonda suv resurslari bilan bog‘liq muammolar allaqachon dolzarb masalaga aylangan. Shunday bir paytda, poytaxt markazida ariqlarning ifloslantirilishi ekologiyaga nisbatan mas’uliyatsiz munosabatni ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday harakatlar suv oqimining tabiiy yo‘nalishini buzishi, suv sifatining yomonlashishiga olib kelishi va kelajakda jiddiy ekologik oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Aholi esa mas’ul tashkilotlardan ushbu holatga e’tibor qaratish, qonunbuzarlikka chek qo‘yish va ariqlarni ifloslanishdan himoya qilish choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.