Kogon shahridagi Korovulbozor shox ko‘chasida joylashgan 13a va 13g-sonli ko‘p qavatli uylar aholisi jiddiy muammo bilan yuzlashmoqda.

Aholining aytishicha, ular ko‘p yillar davomida uylar atrofiga turli mevali va manzarali daraxtlar ekib, hududni ko‘kalamzorlashtirib kelgan. Bugungi kunda bu daraxtlar meva beradigan, yozning issiq kunlarida salqinlik baxsh etadigan maskanga aylangan.
Biroq, fuqarolar ta’kidlashicha, noma’lum “tadbirkor” tomonidan ushbu daraxtlar payhon qilinib, uylar orasidagi yagona ochiq hududda yangi ko‘p qavatli uy qurilishi boshlangan. Bu esa aholiga qator noqulayliklar tug‘dirmoqda: havoning erkin aylanishi cheklanmoqda, hududdagi ekologik muhit yomonlashmoqda va daraxtlar yo‘q qilinmoqda.
Eng tashvishlisi, fuqarolarga ko‘ra, ushbu qurilish ekologiya tashkilotlarining ruxsatisiz boshlangan. Yer kimga va qanday asosda ajratilgani ham noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, mazkur hudud orqali bir nechta ko‘p qavatli uylarga kirish yo‘li o‘tadi. Qurilish natijasida bu yo‘l yanada torayib, aholiga qo‘shimcha muammolar tug‘dirishi mumkin.
Fuqarolar bunday qurilishni shaharsozlik me’yorlariga zid deb hisoblab, mas’ul tashkilotlardan vaziyatga aralashishni, noqonuniy qurilishni to‘xtatishni va hududni saqlab qolishni so‘ramoqda.