O‘zbekistondagi Isroil elchixonasi tashabbusi bilan suv resurslarini boshqarish va tejash sohasida faoliyat yurituvchi bir guruh o‘zbekistonlik mutaxassislar, shuningdek, “Ekolog” jamoat birlashmasi va ekolog.uz sayti vakillari Isroil davlatida bo‘ldilar.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — suv resurslari cheklangan sharoitda Isroilda suvni boshqarish va tejash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shahar suv ta’minoti tizimi, oqova suvlarni tozalash va qayta ishlatish tajribasi, suv tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish hamda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar bilan yaqindan tanishishdan iborat edi.

Isroilning suv xo‘jaligi tajribasi bilan tanishuv zamonaviy laboratoriya yoki texnologik markazdan emas, balki Quddusning ming yillik tarixini o‘zida mujassam etgan qadimiy suv inshootidan boshlandi.


Tosh bag‘rida yaratilgan hayot yo‘li

Delegatsiyaning ilk tashrif manzili Quddusning qadimiy qismidagi Dovud shahri hududida joylashgan mashhur yerosti suv tunneli bo‘ldi. U turli manbalarda Silovam tunneli, Xizqiyo tunneli yoki Quddusning qadimiy suv tizimi sifatida tilga olinadi.

Ushbu tunnel miloddan avvalgi VIII asr oxirida Yahudiya podshohi Xizqiyo davrida qurilgani haqidagi qarash keng tarqalgan. O‘sha davrda Quddus Ossuriya qo‘shinlari tomonidan qamal qilinishi xavfi ostida qolgan edi. Shaharning asosiy suv manbasi hisoblangan Gihon bulog‘i mudofaa devorlaridan tashqarida joylashgani sababli, uning suvi dushman qo‘liga o‘tishi mumkin edi. 

Shu bois Gihon bulog‘ining suvini shahar ichidagi Silovam hovuziga olib kirish va tashqi kuchlardan yashirish maqsadida toshlar bag‘ridan yerosti yo‘li qazilgan. Tunnelning uzunligi qariyb 533 metrni tashkil etadi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, u ikki tomondan bir-biriga qarab qazilgan va ishchilar yer ostida uchrashgan. Bu esa qadimgi davr uchun nihoyatda murakkab muhandislik yechimi bo‘lgan.


Bugungi kunda ham sayyohlar tunnel ichidan oqayotgan suv bo‘ylab, maxsus chiroqlar yordamida yurib o‘tishlari mumkin. Tor va qorong‘i yo‘lakdan o‘tayotgan inson ming yillar avval yashagan odamlarning suv uchun qanday murakkab inshoot yaratganini bevosita his qiladi.

Tunnel ichidagi har bir qadam bir haqiqatni eslatadi: suv masalasi insoniyat uchun bugun paydo bo‘lgan muammo emas. Qadimgi shaharlar taqdiri ham suv manbalariga bog‘liq bo‘lgan. Suvni nazorat qilgan tomon nafaqat hayotni, balki shaharning xavfsizligi va kelajagini ham nazorat qilgan.


Qadimiy Gihon bulog‘idan zamonaviy Gihon korporatsiyasigacha

Quddusning bugungi suv ta’minoti va oqova suv infratuzilmasini boshqaruvchi Gihon Corporation nomi ham ana shu tarixiy Gihon bulog‘idan olingan.

Korporatsiya Quddus va unga tutash ayrim hududlarda ichimlik suvi yetkazib berish, kanalizatsiya tizimini boshqarish, suv va oqova suv tarmoqlarini rivojlantirish, avariyalarning oldini olish hamda infratuzilmani yangilash bilan shug‘ullanadi. Tashkilot qariyb bir million aholiga xizmat ko‘rsatadigan yirik shahar suv xo‘jaligi tizimlaridan biri hisoblanadi.


O‘zbekiston delegatsiyasi Gihon Corporation vakillari bilan uchrashib, Quddus shahrining suv ta’minoti tizimi, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish, oqova suvlarni chiqarish va tozalash, eski tarmoqlarni modernizatsiya qilish hamda suv yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Gihon Corporation departamenti boshlig‘i Slava Khenkinning tushuntirishicha, yirik shaharning suv ta’minotini samarali boshqarish faqat suvni quvurlar orqali iste’molchiga yetkazish bilan cheklanmaydi. Buning uchun butun tizim — suv manbasidan boshlab, quvurlar, nasos stansiyalari, suv omborlari, hisoblagichlar, kanalizatsiya tarmoqlari va tozalash inshootlarigacha uzluksiz nazorat qilinishi lozim.


Suv tizimining har bir qismida yuz berayotgan jarayonlar haqida aniq va tezkor ma’lumot olish boshqaruvning eng muhim shartlaridan biridir. Chunki ko‘zga ko‘rinmaydigan kichik sizib chiqish vaqt o‘tishi bilan katta hajmdagi suvning yo‘qotilishiga, yo‘l va binolarga zarar yetishiga hamda ta’mirlash xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin.


Shu sababli zamonaviy suv xo‘jaligida avariya sodir bo‘lgandan keyin uning oqibatlarini bartaraf etish emas, balki muammoni oldindan aniqlash va oldini olishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Har bir tomchi nazorat ostida

Isroil tajribasining e’tiborga molik jihatlaridan biri — suvning har bir kub metrini hisobga olishga intilishdir. Suv tarmoqlariga o‘rnatilgan zamonaviy hisoblagichlar, bosimni o‘lchaydigan qurilmalar va masofadan ma’lumot uzatuvchi sensorlar yordamida tizimdagi o‘zgarishlar kuzatib boriladi.

Suv sarfining odatdagidan keskin oshishi, quvurdagi bosimning o‘zgarishi yoki ma’lum hududda tungi iste’molning me’yordan yuqori bo‘lishi ehtimoliy sizib chiqish belgisi sifatida baholanishi mumkin.

Bunday ma’lumotlar tegishli mutaxassislarga yetkaziladi va ular muammo katta avariyaga aylanishidan oldin joyiga chiqib, zarur choralarni ko‘radi. Gihon suv tarmoqlarida sizib chiqishlarni erta aniqlash uchun aqlli sensorlardan foydalanishni boshlagan yirik suv tashkilotlaridan biri sifatida qayd etiladi.


Bu tizim nafaqat suvni, balki vaqt va mablag‘ni ham tejaydi. Eng muhimi, shahar aholisi uchun suv ta’minotining uzluksizligi ta’minlanadi.

Slava Khenkinning ta’kidlashicha, suv yo‘qotishlariga qarshi kurashda faqat yangi texnologiyalarni xarid qilishning o‘zi yetarli emas. Uskunalardan foydalanishni biladigan malakali mutaxassislar, ma’lumotlarni tahlil qilish tizimi, tezkor xizmatlar hamda aniq belgilangan boshqaruv tartibi ham bo‘lishi zarur.

Demak, suvni samarali boshqarish — texnika, inson salohiyati va mas’uliyat uyg‘unligidir.

Yerosti infratuzilmasi — shaharning ko‘rinmas qon tomirlari

Ko‘pchilik shahar ko‘chalarida suv qanday yetkazib berilishi yoki foydalanilgan suv qayerga olib ketilishi haqida kundalik hayotda o‘ylab ko‘rmaydi. Aslida esa yer ostida yuzlab kilometrga cho‘zilgan murakkab quvurlar tizimi mavjud.

Gihon Corporation Quddus va uning atrofidagi hududlarda katta hajmdagi ichimlik suvini uzunligi ming kilometrdan ortiq bo‘lgan quvurlar orqali yetkazib beradi.

Bu tarmoqlarni muntazam nazorat qilish, eskirgan qismlarini o‘z vaqtida almashtirish va yangi qurilishlar bilan muvofiqlashtirish katta mas’uliyat talab etadi. Ayniqsa, Quddus singari ming yillik tarixga, murakkab relyefga va zich qurilgan hududlarga ega shaharda har qanday muhandislik loyihasini amalga oshirish oson emas.


Suv yoki kanalizatsiya quvurini ta’mirlash jarayonida tarixiy va arxeologik qatlamlarga zarar yetkazmaslik, transport harakatini saqlab qolish, aholi va tadbirkorlar uchun noqulayliklarni kamaytirish ham hisobga olinadi.

Shu ma’noda, Gihon faoliyati faqat suv xo‘jaligi bilan cheklanmaydi. U shaharsozlik, ekologiya, sanitariya xavfsizligi, tarixiy merosni muhofaza qilish va aholi turmush sifati bilan chambarchas bog‘liq.

Oqova suv — chiqindi emas, qayta foydalaniladigan resurs

Delegatsiya uchun qiziqish uyg‘otgan yana bir muhim masala — oqova suvlarni yig‘ish, tozalash va qayta ishlatish tajribasi bo‘ldi.

Suv tanqis bo‘lgan sharoitda foydalanilgan suvni shunchaki chiqarib yuborish katta isrofgarchilik hisoblanadi. Zamonaviy tozalash inshootlarida oqova suv bir necha bosqichda mexanik, biologik va boshqa usullar orqali tozalanadi. Belgilangan sifat darajasiga yetkazilgan suvdan qishloq xo‘jaligida, yashil hududlarni sug‘orishda yoki texnik ehtiyojlarda foydalanish mumkin.

Bunday yondashuv toza ichimlik suviga tushadigan bosimni kamaytiradi. Aholiga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan sifatli suvni sug‘orish yoki texnik maqsadlarda sarflash o‘rniga, qayta ishlangan suvdan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Bu esa suvning bir martalik mahsulot emas, balki to‘g‘ri boshqarilganda bir necha bor foydalanish mumkin bo‘lgan qimmatli resurs ekanini ko‘rsatadi.

Tarix va texnologiya o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik

Quddusdagi qadimiy suv tunnelidan boshlangan tanishuv Gihon Corporationning zamonaviy boshqaruv markazida mantiqiy davom etdi.

Bir tomonda — bundan qariyb uch ming yil oldin odamlar oddiy asboblar bilan toshni o‘yib yaratgan 533 metrlik tunnel. Ikkinchi tomonda esa suv oqimi, bosim va sarfni real vaqt rejimida nazorat qiladigan raqamli tizimlar, aqlli hisoblagichlar va sensorlar.

Tashqi ko‘rinishda bu ikki davr o‘rtasida juda katta farq bordek tuyuladi. Ammo ularni yagona maqsad birlashtiradi: suvni xavfsiz saqlash, uni odamlar yashaydigan hududga yetkazish va har bir tomchidan oqilona foydalanish.


Qadimgi Quddus aholisi shaharni qamal paytida suvsiz qolishdan himoya qilgan bo‘lsa, bugungi mutaxassislar iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ko‘payishi, infratuzilmaning eskirishi va suvga talabning oshishi kabi yangi tahdidlarga qarshi yechim izlamoqda.

Vositalar o‘zgargan, ammo suvning qadri o‘zgarmagan.

O‘zbekiston uchun muhim tajriba

O‘zbekiston uchun suv masalasi ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot bilan bevosita bog‘liq. Mamlakat suv resurslarining katta qismi qishloq xo‘jaligida ishlatiladi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik davrlarining kuchayishi, muzliklarning qisqarishi, aholining ko‘payishi va infratuzilmadagi yo‘qotishlar suv xavfsizligiga bosimni oshirmoqda.

Bunday sharoitda yangi suv manbalarini izlashning o‘zi yetarli emas. Avvalo, mavjud suvni yo‘qotmaslik, aniq hisobga olish va bir necha bor foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarur.

Isroil tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston uchun quyidagi yo‘nalishlar ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi:

— ichimlik suvi va sug‘orish tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni muntazam o‘lchash;

— sizib chiqishlarni erta aniqlaydigan raqamli tizimlarni joriy etish;

— suv hisoblagichlarini takomillashtirish va masofadan nazorat qilish;

— eskirgan quvurlarni bosqichma-bosqich almashtirish;

— oqova suvlarni sifatli tozalash va qayta ishlatish;

— shahar hamda qishloq xo‘jaligi suv tizimlarini yagona ma’lumotlar asosida boshqarish;

— mutaxassislarning texnik va tahliliy salohiyatini oshirish;

— aholida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish.

Albatta, bir mamlakat tajribasini boshqa davlatga aynan ko‘chirib bo‘lmaydi. Har bir hududning iqlimi, suv manbalari, iqtisodiy imkoniyatlari, aholining joylashuvi va boshqaruv tizimi o‘ziga xos.

Delegatsiya vakili, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti Suv xo‘jaligi va yerdan foydalanish kafedrasi assistenti, PhD Amanbay Saparovning fikricha, Gihon Corporation faoliyatining O‘zbekistondagi mavjud tizimlardan asosiy farqlaridan biri — suvni yuqori turuvchi ta’minot tizimlaridan xarid qilib, keyinchalik uni aholiga yetkazib berishidir.

Uning ta’kidlashicha, korporatsiya faoliyatida zamonaviy muhandislik talablariga javob beradigan yirik va yopiq suv rezervuarlarining mavjudligi alohida ahamiyatga ega. Bunday inshootlar suvni barqaror saqlash, aholiga uzluksiz yetkazib berish, bosimni me’yorda ushlab turish va favqulodda vaziyatlarda zarur suv zaxirasini shakllantirish imkonini beradi.

Amanbay Saparovning qayd etishicha, ushbu tajribaning O‘zbekistonda qo‘llash mumkin bo‘lgan eng muhim jihatlaridan biri — ko‘proq yopiq suv rezervuarlarini qurishdir. “Quddus shahrining o‘zida qariyb bir million aholi istiqomat qiladi. Ularning suv ta’minotiga umumiy sig‘imi 385 ming kub metr bo‘lgan uchta yirik rezervuar xizmat ko‘rsatadi. Bu esa suvni oldindan zaxiralash, boshqarish va zarur paytda barqaror yetkazib berish imkonini yaratadi”, — deydi mutaxassis. O‘zbekistonda esa ko‘p hollarda oqib kelayotgan suvdan bevosita foydalaniladi. Suvni uzoq muddat saqlash, zarur hajmda zaxiralash va boshqarish imkonini beruvchi zamonaviy yopiq rezervuarlar yetarli darajada rivojlanmagan. Shu sababli suv tanqisligi kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday infratuzilmalarni qurish strategik ahamiyat kasb etadi. Mutaxassis yana bir muhim jihatga  oqova suvlarni qayta ishlash va ulardan takroriy foydalanish masalasiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, Isroilda kanalizatsiya suvlarining deyarli barchasi qayta ishlanadi va asosan qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. O‘zbekistonda esa bu amaliyot hali 50 foizga ham yetmagan. Bu ko‘rsatkichni oshirish, ayniqsa suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan bugungi sharoitda, nihoyatda muhimdir. Qayta ishlangan oqova suvdan qishloq xo‘jaligida, ko‘kalamzorlashtirishda va texnik ehtiyojlarda foydalanish toza ichimlik suvi zaxiralariga tushadigan bosimni kamaytiradi. Shu bilan birga, suvning bir martalik emas, balki qayta foydalanish mumkin bo‘lgan strategik resurs ekanini amalda namoyon etadi. Amanbay Saparovning fikricha, O‘zbekiston uchun eng muhim vazifalardan biri — suvni shunchaki iste’mol qilish emas, balki uni zaxiralash, qayta ishlash va qayta foydalanish tizimini kengaytirishdir. Ayniqsa, yopiq suv rezervuarlari qurilishi va oqova suvlarni qayta ishlash hajmini oshirish mamlakatning kelajakdagi suv xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lishi mumkin. Ammo samarali yondashuvlarni o‘rganish, ularni mahalliy sharoitga moslashtirish va tajriba almashish suv muammolarining yechimini tezlashtirishi mumkin.

Suvga munosabat — kelajakka munosabat

Quddusdagi qadimiy tunnel insoniyat tarixidagi buyuk muhandislik yodgorligi bo‘lish bilan birga, suvga bo‘lgan munosabatning ham ramzidir.

Uni bunyod etgan odamlar suv bo‘lmasa, shahar ham, iqtisodiyot ham, hayot ham bo‘lmasligini yaxshi anglaganlar. Shu sababli ular nihoyatda katta mehnat va bilim talab etadigan inshootni yaratganlar.

Bugun insoniyat qo‘lida ancha rivojlangan texnologiyalar mavjud. Ammo zamonaviy uskuna va sensorlardan ham muhimroq bo‘lgan bir tushuncha bor — mas’uliyat.

Suvni tejash faqat davlat tashkilotlari yoki suv korxonalarining vazifasi emas. Bu fermerning daladagi qaroridan, korxonaning ishlab chiqarish jarayonidan, shahardagi quvurlarning holatidan va har bir xonadondagi kundalik odatlardan boshlanadi.

Isroil tajribasi shuni ko‘rsatadiki, suv tanqisligi taraqqiyot uchun muqarrar to‘siq bo‘lib qolmasligi mumkin. To‘g‘ri siyosat, ilmiy yondashuv, zamonaviy texnologiya, qat’iy hisob va jamiyatning mas’uliyatli munosabati orqali cheklangan suv resurslaridan ham samarali foydalanish mumkin.

Quddusning tosh bag‘ridan oqayotgan qadimiy suv bugungi avlodga go‘yo shunday murojaat qilayotgandek:                                                                                                                                                          Suvni asrang. Chunki har bir tomchida shaharlarning tarixi, insonlarning hayoti va kelajak avlodlarning taqdiri mujassam.                                                                                                                                         

Nargis Qosimova. Quddus shahri