Kinneret Academic College Isroilning shimolida, mamlakat uchun nihoyatda muhim bo‘lgan Kinneret ko‘li — biz ko‘proq Galiley dengizi deb ataydigan suv havzasi sohilida joylashgan. Kollej 1965-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda bakalavriat va magistratura darajalarida turli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi.
Kollejning joylashuvi ham uning faoliyatiga o‘ziga xos mazmun beradi. Chunki Kinneret ko‘li Isroilning suv resurslari tizimida muhim o‘rin tutadi. Kollejning o‘zi ham hududni suv, qishloq xo‘jaligi, innovatsiya va barqaror rivojlanish bilan chambarchas bog‘liq akademik muhit sifatida ta’riflaydi.
Bizni kutib olgan kollej mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra, u Isroilda suv sanoati muhandislarini tayyorlaydigan o‘ziga xos ta’lim markazlaridan biridir. Talabalar suv va oqova suvlarni tozalash, suvni tuzsizlantirish, suv sifati, gidrologiya, barqarorlik va ekologik xavflarni boshqarish kabi yo‘nalishlarni o‘rganadilar. Shuningdek, dasturda fizika, kimyo, mikrobiologiya, suyuqliklar mexanikasi kabi fundamental fanlar ham muhim o‘rin egallaydi.
Bu, aslida, Isroilning suv muammolariga qanday yondashuvini ham ko‘rsatadi. Suv tanqisligi mavjud bo‘lgan mamlakatda suv masalasi faqat davlat idoralari yoki kommunal xizmatlarning vazifasi sifatida emas, balki ilm-fan, texnologiya, biznes va ta’limni birlashtiradigan strategik yo‘nalish sifatida qaraladi.

Nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Kinneret Academic College ta’lim jarayonida amaliy tajribaga katta ahamiyat beradi. Suv muhandisligi dasturida talabalar zamonaviy laboratoriyalar, kompyuter modellashtirish, muhandislik simulyatsiyalari va dala tadqiqotlari orqali olgan bilimlarini amaliyot bilan bog‘laydilar.
Kollej suv sanoatidagi kompaniyalar bilan ham faol hamkorlik qiladi. Bu jihat ayniqsa qiziq. Chunki talaba auditoriyada faqat nazariy bilim olib qolmaydi, balki kelajakdagi kasbida duch keladigan real muammolar bilan ishlashni ham o‘rganadi. Kollejning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, muassasa 100 dan ortiq hamkor ish beruvchilar bilan aloqaga ega va bitiruvchilarning 90 foizi sanoatda ishga joylashadi.
Bu yondashuv suv sohasi uchun ayniqsa muhim. Chunki suv bilan bog‘liq muammolarni hal qilish faqat nazariy bilimni emas, balki muhandislik yechimlarini real sharoitda qo‘llay olish, texnologiyalarni to‘g‘ri tanlash va mavjud resurslardan samarali foydalanish ko‘nikmasini ham talab qiladi.

Suv, ekologiya va barqaror rivojlanish bir nuqtada
Bu maskan faqat suv muhandisligi bilan cheklanmaydi. Kollejning xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari orasida suv resurslarini boshqarish, barqaror qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishiga moslashish, barqaror rivojlanish va texnologik innovatsiyalar ham bor.
Kollej huzuridagi xalqaro hamkorlik markazi ekologik muammolarni amaliy va innovatsion yechimlarga aylantirishga qaratilgan loyihalar bilan shug‘ullanadi. Unda suv, iqlim o‘zgarishi, qishloq xo‘jaligi va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha bilim almashish, malaka oshirish va amaliy tadqiqotlarga e’tibor qaratiladi.
Bu jihat O‘zbekiston uchun ham juda qiziqarli tajriba bo‘lishi mumkin. Chunki bizda ham suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligida suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va ekologik muammolarga innovatsion yechim topish masalalari tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Kollej joylashuvi — o‘ziga xos ochiq laboratoriya
Kollejning yana bir o‘ziga xos jihati — uning joylashuvi. Kampus to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kinneret ko‘li sohilida joylashgan. Atrofida kibbutzlar, qishloq xo‘jaligi hududlari, sayyohlik va tarixiy maskanlar mavjud.
Shu sababli talabalar uchun ta’lim muhiti faqat auditoriyadan iborat emas. Tabiat, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va hududning tarixi ham o‘quv jarayonining bir qismiga aylanadi. Kollejda muhandislik bilan bir qatorda ijtimoiy fanlar, gumanitar fanlar, boshqaruv, turizm va Isroil tarixi ham o‘qitiladi.
Bu esa kollejni nafaqat mutaxassis tayyorlaydigan ta’lim muassasasi, balki hududning tabiiy va ijtimoiy muhitini o‘rganish mumkin bo‘lgan o‘ziga xos akademik makonga aylantiradi.

O‘zbekiston uchun qanday saboq bor?
Suv muammosi mavjud bo‘lgan hududda suv muhandislarini tayyorlash; suv, ekologiya, qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishini bir-biri bilan bog‘lab o‘rganish; talabalarni laboratoriya va dala amaliyotlariga jalb qilish; biznes va sanoat bilan hamkorlik qilish — bularning barchasi ta’limning amaliy ahamiyatini oshiradi.
Bugun ekologik muammolar tobora murakkablashib borayotgan bir paytda faqat ekolog yoki muhandis tayyorlashning o‘zi yetarli emas. Suvni tushunadigan muhandis, ekologiyani tushunadigan iqtisodchi, iqlim o‘zgarishini tushunadigan qishloq xo‘jaligi mutaxassisi va innovatsiyani amaliyotga aylantira oladigan yoshlar kerak.
Kinneret Academic College tajribasi shuni ko‘rsatadiki, suv masalasiga faqat suvning o‘zi doirasida qarash yetarli emas. Suv — bu ekologiya, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, texnologiya, ta’lim va kelajak masalalarini birlashtiradigan katta tizim. O‘zbekistonlik mutaxassislarning Isroilga tashrifi davomida aynan shunday yondashuvlarni o‘rganish esa ikki mamlakat o‘rtasidagi tajriba almashinuvi uchun muhim ahamiyatga ega.
Feruzbek Sayfullayev


