Shu nuqtayi nazardan Isroil tajribasi alohida qiziqish uyg‘otadi. Tabiiy chuchuk suv resurslari cheklangan mamlakatlardan biri bo‘lgan Isroil yillar davomida suvni boshqarish bo‘yicha murakkab va ko‘p bosqichli tizimni shakllantirdi. Bugungi kunda mamlakat tajribasi faqat suv tejash texnologiyalari bilan emas, balki suv resurslarini boshqarish, suv sifatini nazorat qilish, yer osti suvlaridan foydalanish, infratuzilma xavfsizligi va raqamli monitoring kabi yo‘nalishlarning bir-biriga bog‘langanligi bilan e’tiborlidir.


O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi tashabbusi bilan mamlakatning suvni boshqarish tajribasini o‘rganish maqsadida Isroilga tashrif buyurgan delegatsiya Isroil Gidrologiya xizmatida bo‘lib, mamlakatda suv resurslarini boshqarish va aholini suv bilan ta’minlash tizimi bilan tanishdi. Tashrif davomida suv sifati ustidan nazorat, laboratoriyalarning faoliyati, davlat suv kompaniyasi Mekorot bilan hamkorlik, mahalliy suv korporatsiyalarining vazifalari, yer osti suvlaridan foydalanish va binolarning ichki suv tizimlarida xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Isroil Gidrologiya xizmati direktori Yakov Livshits tomonidan berilgan tushuntirishlar mamlakat suv boshqaruvi tizimining muhim jihatlarini tushunish imkonini berdi. Isroilda ichimlik suvi bitta manbadan emas, balki tabiiy suvlar, tuzsizlantirish va suvni qayta ishlatish yagona boshqaruv tizimiga birlashtirilgan butun milliy tizimdan olinadi. Ichimlik suvi qayerdan keladi? Bugungi kunda asosiy manbalar quyidagilar: Tuzsizlantirilgan dengiz suvi chuchuk suvning asosiy manbalaridan biridir. Dengiz suvi membrana texnologiyasi, asosan teskari osmos yordamida tuzsizlantirish zavodlarida tozalanadi, shundan so'ng suv barqarorlashtiriladi va dezinfektsiya qilinadi. Yer osti suvlari quduqlar va suv qatlamlaridan olinadigan suvdir. Uning sifati kuzatiladi va agar kerak bo'lsa, qo'shimcha tozalashdan o'tadi. Chuchuk yer usti va tabiiy manbalar bugungi kunda avvalgidan ancha kichikroq rol o'ynaydi, chunki Isroil tuzsizlantirilgan suv ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirdi. Tozalangan oqava suvlar Isroil suvni boshqarish tizimining muhim qismidir. Biroq, farqlash juda muhim: tozalangan oqava suv asosan qishloq xo'jaligi va boshqa ichimlik maqsadlarida ishlatiladi, to'g'ridan-to'g'ri ichish uchun emas. Davlat tizimi ichimlik suvini qayta ishlatish uchun tozalangan suvdan alohida ajratadi. Suv jo'mrakka qanday tushadi? Soddalashtirilgan diagramma quyidagicha ko'rinadi: Dengiz / quduq / tabiiy buloq → tozalash → sifat nazorati → suv omborlari va saqlash tanklari → asosiy tarmoq → mahalliy suv kompaniyasi → uy → jo'mrak.

Suv sifati — suv boshqaruvining ajralmas qismi

Isroil tajribasida suvni boshqarish faqat suvning yetarliligi bilan baholanmaydi. Suvning sifati ham tizimning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. 

  Yakov Livshitsning tushuntirishicha, Isroilda ichimlik suvi sifatini nazorat qilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi muhim rol o‘ynaydi. Suv ta’minoti korxonalari tomonidan aholiga yetkazib berilayotgan suvning sifati davlat tomonidan nazorat qilinadi. Suv namunalarini tekshirish esa tegishli ruxsatga ega laboratoriyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Bu juda muhim prinsip. Chunki ichimlik suvining sifati oddiy kommunal masala emas, balki bevosita inson salomatligiga taalluqli masaladir.

Suv korporatsiyasi o‘z laboratoriyasiga ega bo‘lishi mumkin, ammo laboratoriyaning mavjudligi uning mustaqil ravishda istalgan tartibda ishlashi mumkinligini anglatmaydi. Laboratoriya tegishli ruxsatga ega bo‘lishi, unda malakali mutaxassislar ishlashi, o‘lchov asboblari muntazam tekshiruvdan o‘tishi va suv tahlillari belgilangan talablar asosida amalga oshirilishi kerak.

Quddus kabi aholisi katta bo‘lgan shaharga xizmat ko‘rsatuvchi suv korporatsiyasi o‘z laboratoriyasini saqlashi mumkin. Bunday laboratoriya suv sifatini muntazam tekshiradi va natijalarni belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga taqdim etadi.

Ammo barcha suv korporatsiyalarining o‘z laboratoriyasi mavjud emas. Aholisi kam bo‘lgan shaharcha yoki aholi punktiga xizmat ko‘rsatuvchi korporatsiya uchun alohida laboratoriya tashkil etish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushishi mumkin.

Bunday hollarda mustaqil, tegishli ruxsatga ega laboratoriyalar xizmatidan foydalaniladi.

Bu yondashuvning o‘zi O‘zbekiston uchun muhim tajriba bo‘la oladi. Chunki suv sifatini nazorat qilish uchun har bir tuman yoki kichik suv korxonasida qimmat laboratoriya tashkil etish shart emas. Asosiysi, barcha hududlar uchun zamonaviy va ishonchli laboratoriya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilishi kerak.

Nazorat bir nuqtada emas, butun zanjir bo‘ylab amalga oshiriladi

Isroil suv tizimining yana bir muhim xususiyati — suv sifati nazoratining ko‘p bosqichli ekanidir. Suv manbasining o‘zi nazorat qilinadi. Keyin suvni tashish va yetkazib berish tizimi nazorat qilinadi. Suv korporatsiyasiga kelgan suv tekshiriladi. Aholiga yetkazilayotgan suv sifati ham monitoring qilinadi. Demak, suv sifati faqat suv olish joyida yoki faqat iste’molchining kranida tekshirilmaydi. Bu yondashuv “manbadan iste’molchigacha” tamoyiliga asoslanadi. Suv manbasida sifat yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo suv quvurlar orqali uzoq masofaga tashiladi. Yo‘lda texnik nosozlik, quvurdagi muammo yoki boshqa omillar suv sifatiga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli suv xavfsizligi butun tizim bo‘ylab ta’minlanishi lozim.

Mekorot va mahalliy suv korporatsiyalari

Isroil suv tizimida davlat kompaniyasi Mekorot alohida o‘rin tutadi. Mekorot mamlakatdagi yirik suv infratuzilmasi va suv resurslari bilan bog‘liq faoliyatda muhim rol o‘ynaydi. Mahalliy suv korporatsiyalari esa aholiga bevosita suv yetkazib berish va kommunal xizmatlarni tashkil etishda ishtirok etadi. Yakov Livshitsning tushuntirishicha, mahalliy korporatsiyalar ko‘p hollarda Mekorotdan suv sotib oladi. Ya’ni suv resurslarini yirik miqyosda boshqarish va aholiga mahalliy darajada xizmat ko‘rsatish o‘rtasida funksional taqsimot mavjud. Buni shartli ravishda “yirik resurs boshqaruvi — mahalliy xizmat” modeli deb atash mumkin. Bunday tizimning afzalligi shundaki, strategik suv resurslari yagona milliy tizim doirasida boshqariladi, shu bilan birga mahalliy aholi punktlarining ehtiyojlari ham alohida hisobga olinadi.


Quddus misolida shahar bilan birga uning atrofidagi ayrim aholi punktlariga ham tegishli suv korporatsiyasi xizmat ko‘rsatishi mumkin. Ba’zi hududlarda esa bir nechta kichik mahalliy kengash birlashib, yagona korporatsiya tashkil qiladi. Bu tajriba O‘zbekiston uchun ham qiziq. Ayniqsa kichik aholi punktlarida professional suv xizmatlarini tashkil etish, laboratoriya va texnik infratuzilmani birgalikda ishlatish xarajatlarni kamaytirishi mumkin.

Yer osti suvlari: foydalanish huquqi va davlat nazorati

Suv tanqisligi sharoitida yer osti suvlari strategik resursga aylanadi.

Isroilda fermer yoki yer egasi o‘z hududida quduq qazib, yer osti suvlaridan foydalanishi mumkin. Ammo bu faoliyat belgilangan talablar va ruxsatlar asosida amalga oshiriladi.

Bu yerda muhim prinsip mavjud: yerga egalik qilish yer ostidagi suv resursidan cheksiz foydalanish huquqini bermaydi.

Quduq qazish va suv olish davlat tomonidan tartibga solinadi. Chunki yer osti suvlaridan haddan tashqari foydalanish suv sathining pasayishi, ekologik muvozanatning buzilishi va kelajakdagi suv xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin.

Ayrim hududlarda suv quduqlari mahalliy suv korporatsiyalariga tegishli bo‘lishi mumkin, boshqa hududlarda esa ular Mekorot tomonidan boshqariladi.

Bu tizimdan O‘zbekiston uchun muhim saboq shuki, yer osti suvlarini hisobga olish va ulardan foydalanishni nazorat qilish suv siyosatining alohida yo‘nalishiga aylanishi kerak.

Ayniqsa qishloq xo‘jaligi rivojlangan va suv tanqisligi sezilayotgan hududlarda quduqlarning yagona elektron reyestrini yaratish, suv olish hajmini hisobga olish va yer osti suvlarining sathini doimiy monitoring qilish muhim.

Isroil tajribasida suv xavfsizligining yana bir qiziqarli jihati — yong‘in o‘chirish tizimlarining umumiy suv ta’minoti bilan aloqasi. Ko‘cha yong‘in gidrantlari va binolardagi yong‘inga qarshi tizimlarda oddiy suvdan foydalaniladi. Ammo asosiy masala suvning o‘zi emas, balki tizimning xavfsizligi hisoblanadi. Yangi bino qurib bitkazilgach va suv tarmog‘iga ulanishdan oldin uning ichki suv tizimlari, jumladan yong‘inga qarshi tizimlari tegishli standartlarga javob berishi tekshiriladi. Bu jarayonda suvning teskari oqimi masalasi alohida ahamiyatga ega.

Teskari oqim oddiy iste’molchi uchun sezilmasligi mumkin. Ammo suv ta’minoti xavfsizligi nuqtayi nazaridan bu jiddiy muammo.

Masalan, yong‘in o‘chirish tizimida kuchli nasos ishlatiladi. Favqulodda vaziyatda tizimdagi bosim o‘zgarishi mumkin. Agar maxsus himoya vositasi bo‘lmasa, texnik tizimdagi suv umumiy ichimlik suvi tarmog‘iga qaytib kirishi mumkin. Bu suv ifloslangan bo‘lsa, butun ichimlik suvi tizimiga xavf tug‘diradi. Shu sababli Isroilda yong‘in o‘chirish tizimlari, garajlar, kir yuvish xonalari va boshqa texnik joylarda teskari oqimning oldini oluvchi maxsus qurilmalar qo‘llanadi. Bu qurilmalar oddiy klapan emas, balki tegishli standartlarga javob beradigan himoya mexanizmlaridir. Eng muhimi, ularni o‘rnatish bilan ish tugamaydi. Ular muntazam tekshiriladi. Maxsus malaka va ruxsatga ega texnik qurilmaning ishlash holatini tekshiradi va tegishli hujjat bilan tasdiqlaydi. Bu tizimning falsafasi juda muhim: xavfsizlik qurilmasini o‘rnatishning o‘zi yetarli emas, uning doimiy ishlashini ham nazorat qilish kerak.


Isroil haqida gap ketganda ko‘pincha tomchilatib sug‘orish, sho‘r suvni chuchuklashtirish yoki suvni qayta ishlatish texnologiyalari tilga olinadi. Biroq Isroilning suv sohasidagi eng katta tajribalaridan biri faqat texnologiyada emas. Asosiy innovatsiya texnologiyani boshqaruv tizimi bilan birlashtirishEng zamonaviy suv tozalash qurilmasi ham suv hisobga olinmasa, manbalar nazorat qilinmasa, quvurlar holati monitoring qilinmasa yoki suv sifati muntazam tekshirilmasa, o‘z vazifasini to‘liq bajara olmaydi. Isroil modeli aynan shu jihatdan qiziq: suvning miqdori, sifati, infratuzilmasi va iste’moli yagona tizimning turli qismlari sifatida qaraladi.

O‘zbekiston nimani o‘rganishi mumkin?

O‘zbekiston uchun Isroil tajribasidan foydalanish ayniqsa dolzarb. Chunki mamlakatda suv resurslariga bosim ortib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, aholi sonining ko‘payishi va qishloq xo‘jaligida suvga bo‘lgan talab kelajakda suv boshqaruviga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.

Birinchi navbatda, O‘zbekistonda suv sifati bo‘yicha yagona raqamli monitoring tizimini kuchaytirish mumkin. Turli hududlardagi laboratoriyalar tomonidan olingan natijalar yagona platformaga kiritilsa, suv sifatidagi o‘zgarishlarni real vaqtga yaqin rejimda kuzatish va xavfli holatlarni oldindan aniqlash imkoniyati oshadi.


Ikkinchi muhim yo‘nalish — akkreditatsiyadan o‘tgan mustaqil laboratoriyalar tarmog‘ini kengaytirish. Ayniqsa kichik tuman va shaharlarda alohida laboratoriya tashkil etish iqtisodiy jihatdan qimmat bo‘lishi mumkin. Hududlararo laboratoriya markazlari esa bir nechta suv korxonalariga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Uchinchi yo‘nalish — yer osti suvlarining yagona elektron reyestrini yaratish. Quduqning joylashuvi, chuqurligi, suv olish hajmi, foydalanish maqsadi va suv sathi haqidagi ma’lumotlar yagona tizimda jamlanishi kerak.

To‘rtinchi yo‘nalish — yangi binolarni suv tarmog‘iga ulashdan oldin suv xavfsizligi auditini joriy qilish. Bunda faqat quvur va hisoblagich emas, balki yong‘in tizimi, texnik xonalar va teskari oqim xavfi ham tekshirilishi mumkin.

Beshinchi yo‘nalish — yirik turar joy majmualari, shifoxonalar, mehmonxonalar, ishlab chiqarish korxonalari va boshqa obyektlarda teskari oqimdan himoya qurilmalarini muntazam tekshirish tizimini yaratish.

Oltinchi yo‘nalish — suv sifati bo‘yicha ochiq ma’lumotlar tizimini rivojlantirish. Fuqarolar ichimlik suvining sifati haqida ishonchli va tushunarli ma’lumotga ega bo‘lsa, suv boshqaruviga bo‘lgan ishonch ham oshadi.

Suvni tejashdan suvni boshqarishgacha

O‘zbekiston uchun suv oddiy tabiiy resurs emas. U — qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiyot va ekologik barqarorlikning asosidir. Ayniqsa, mamlakat qishloq xo‘jaligining qariyb 98 foizi sug‘orishga tayanishini hisobga olsak, suvdan oqilona foydalanish milliy strategik vazifaga aylanadi.



O‘zbekiston so‘nggi yillarda suv tejovchi texnologiyalarni jadal joriy etmoqda. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, diskret sug‘orish, lazer yordamida yerlarni tekislash kabi texnologiyalar kengaymoqda.  Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligi rahbariVadim Sokolov O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ko‘lami bo‘yicha dunyodagi ilg‘or davlatlardan biriga aylanayotganini ta’kidlaydi. Ammo uning fikricha, bu hali yakuniy manzil emas. Ammo uning fikricha, bu hali yakuniy manzil emas. Keyingi qadam — suvni shunchaki tejash emas, uni aqlli boshqarish. Tomchilatib sug‘orish suvni tejaydi. Ammo “aqlli sug‘orish” undan ham ko‘proq imkoniyat beradi: tuproq namligi, havo harorati, namlik, ob-havo prognozi va o‘simlikning rivojlanish bosqichi sensorlar orqali kuzatiladi. Shundan so‘ng suv miqdori va sug‘orish vaqti aniq belgilanadi. Ya’ni qaror “har uch kunda sug‘orish kerak” degan odatga emas, real ma’lumotga asoslanadi.

Isroil va Hindiston tajribasi aynan shu yo‘nalishda rivojlanmoqda. Zamonaviy tizimlar nafaqat suv miqdorini, balki sug‘orish intensivligini ham boshqarishga imkon bermoqda. Suv va o‘g‘itlash jarayonlarini bir tizimda boshqarish orqali resurslardan yanada samarali foydalanish mumkin. Bu yerda asosiy savol ham o‘zgaradi. Bugun biz: “Bir gektarga qancha suv berdik?” deb so‘raymiz. Kelajakda esa: “Bir kub metr suv hisobiga qancha hosil oldik?” degan savol muhim bo‘ladi.

O‘zbekistonda suv xo‘jaligini raqamlashtirish jarayoni ketmoqda. Ammo Sokolov ta’kidlaganidek, raqamlashtirish faqat ma’lumotlar bazasi yaratish bilan cheklanmasligi kerak. Sensor ma’lumot yig‘adi, sun’iy yo‘ldosh dalani kuzatadi, dastur tahlil qiladi — lekin bu ma’lumotlar boshqaruv qaroriga aylanmasa, haqiqiy “aqlli suv” tizimi shakllanmaydi. Haqiqiy raqamlashtirish — ma’lumotdan amaliy qarorgacha bo‘lgan zanjirdirTexnologiyani sotib olish mumkin. Sensorlarni o‘rnatish ham mumkin. Ammo ularni boshqaradigan malakali mutaxassislar bo‘lmasa, eng zamonaviy tizim ham kutilgan natijani bermaydi. Sokolov suv sohasi uchun zamonaviy muhandislar, irrigatorlar va olimlarni tayyorlash zarurligiga alohida e’tibor qaratadi. Yangi avlod suv mutaxassisi nafaqat suv taqsimotini, balki sensorlar, raqamli texnologiyalar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini ham bilishi kerak. Ayniqsa Orolbo‘yida ilmiy va innovatsion markazlarni kuchaytirish, aqlli sug‘orish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlash katta ahamiyatga ega.

Haroratning oshishi, bug‘lanishning kuchayishi va yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi suv xo‘jaligiga yangi talablarni qo‘ymoqda.  Muammo faqat qurg‘oqchilik emas. Ba’zan qisqa vaqt ichida juda katta miqdorda yog‘in tushib, suv toshqin va boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun kelajakdagi suv siyosati ikki vazifani birgalikda hal qilishi kerak: qurg‘oqchilik paytida suvni tejash va mo‘l yog‘ingarchilik paytida suvni ushlab qolish.

   Isroil tajribasini O‘zbekistonga aynan ko‘chirish shart emas. Mamlakatlar miqyosi, iqlimi va qishloq xo‘jaligi tizimi turlicha. Ammo Isroilning suvga ilm-fan, texnologiya va aniq ma’lumot asosida yondashish tamoyili O‘zbekiston uchun juda muhim. Endi bizga faqat tomchilatib sug‘orish emas, balki tuproqni “tinglaydigan”, o‘simlik holatini kuzatadigan, ob-havoni hisobga oladigan va suvni avtomatik boshqaradigan tizimlar kerak. Suvni tejash  bugungi vazifa. Suvni aqlli boshqarish esa ertangi kunning strategiyasidir.

 O‘zbekiston bu bosqichga qanchalik tez o‘tsa, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligi va ekologik xavfsizligini shunchalik yaxshi himoya qila oladi. O‘zbekiston uchun suv oddiy tabiiy resurs emas. U  qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiyot va ekologik barqarorlikning asosidir. Ayniqsa, mamlakat qishloq xo‘jaligining qariyb 98 foizi sug‘orishga tayanishini hisobga olsak, suvdan oqilona foydalanish milliy strategik vazifaga aylanadi. Endi bizga faqat tomchilatib sug‘orish emas, balki tuproqni “tinglaydigan”, o‘simlik holatini kuzatadigan, ob-havoni hisobga oladigan va suvni avtomatik boshqaradigan tizimlar kerak. Suvni tejash — bugungi vazifa. Suvni aqlli boshqarish esa ertangi kunning strategiyasidir. O‘zbekiston bu bosqichga qanchalik tez o‘tsa, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligi va ekologik xavfsizligini shunchalik yaxshi himoya qila oladi.

Nargis Qosimova, Isroil