Tadbir “Yagona salomatlik” yondashuvi doirasida tashkil etildi. Unda O‘zbekistonning turli hududlaridan 20 ga yaqin mutaxassis, jumladan, muhofaza etiladigan hududlar xodimlari, yovvoyi tabiat tadqiqotchilari, veterinarlar, olimlar va jamoat salomatligi sohasi vakillari ishtirok etdi.

Treningning asosiy maqsadi yovvoyi va uy hayvonlari, insonlar hamda atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklar xavfini aniqlash, ularning oldini olish va xavfsizlik choralarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mutaxassislar salohiyatini oshirishdan iborat.

Zoonoz kasalliklar — hayvonlardan odamlarga yuqishi mumkin bo‘lgan yuqumli kasalliklardir. Ularning tarqalish xavfini kamaytirish uchun yovvoyi hayvonlar, chorva mollari va insonlar o‘rtasidagi aloqalarni, shuningdek, ular yashaydigan umumiy muhitdagi ehtimoliy xavf omillarini hisobga olish zarur. Shu sababli treningda tabiatni muhofaza qilish, veterinariya va jamoat salomatligi sohalari o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda sakkizta ustuvor zoonoz kasallik aniqlangan

O‘zbekiston “Yagona salomatlik” bo‘yicha milliy ustuvorliklarni belgilash jarayonida sakkizta ustuvor zoonoz kasallikni aniqlagan. Ular qatoriga Qrim-Kongo gemorragik isitmasi, kuydirgi, quturish, brutsellyoz, zoonoz sil, o‘lat, gripp va exinokokkoz kiradi.

Trening davomida ushbu kasalliklar va mamlakat uchun dolzarb bo‘lgan boshqa xavflar misolida insonlar, hayvonlar va atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, muhofaza etiladigan hududlarda ishlaydigan mutaxassislarning kasallik alomatlarini erta aniqlash, kuzatuv natijalarini hujjatlashtirish va tegishli tashkilotlarga o‘z vaqtida xabar berishdagi roli muhokama qilindi.

IUCN Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha harakatlar dasturining katta dastur menejeri Dao Nguyenning ta’kidlashicha, sog‘lom ekotizimlar va yovvoyi hayvonlar populyatsiyalarini saqlash zoonoz kasalliklar xavfini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Uning fikricha, yovvoyi hayvonlar, chorva mollari va insonlar qayerda hamda qanday sharoitlarda o‘zaro aloqaga kirishishini yaxshiroq tushunish kasalliklarning hayvonlardan odamlarga yuqish xavfini oldindan baholash va kamaytirishga yordam beradi. Muhofaza etiladigan hududlar hamda ularni boshqaradigan va o‘rganadigan mutaxassislar biologik xilma-xillikni saqlash bilan birga, aholi salomatligini himoya qilishda ham muhim o‘rin tutadi.

Reynjerlar va tadqiqotchilarning roli muhim

Treningda yovvoyi tabiat bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislarning kasalliklarni erta aniqlashdagi vazifalariga ham e’tibor qaratildi. Reynjerlar, inspektorlar va tadqiqotchilar ko‘pincha hayvonlarning noodatiy xatti-harakatlari, kasallik alomatlari yoki ularning nobud bo‘lish holatlarini birinchi bo‘lib kuzatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti katta ilmiy xodimi Elena Bykovaning ta’kidlashicha, bunday kuzatuvlarni to‘g‘ri qayd etish va tegishli idoralarga tezkor yetkazish erta ogohlantirish tizimini samarali tashkil etishga yordam beradi.

Mutaxassisning qayd etishicha, amaliyotchi xodimlar va tadqiqotchilar ayrim hollarda zoonoz patogenlar bilan bog‘liq xavflarni yetarlicha baholamasligi yoki kundalik ish jarayonida muhim bioxavfsizlik choralarini e’tibordan chetda qoldirishi mumkin. Shu bois bunday treninglar xavflar haqidagi bilimlarni oshirish va xavfsizlik qoidalarini kundalik faoliyatning ajralmas qismiga aylantirish uchun muhimdir.

Treningda to‘rtta muhofaza etiladigan hudud vakillari qatnashdi

Ikki kunlik tadbirda “Sayg‘oq” kompleks landshaft buyurtmaxonasi, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i, Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi va “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ining reynjerlari, inspektorlari hamda tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Virusologiya instituti, Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi vakillari va ekspertlari ham tadbirga jalb etildi.

Ishtirokchilar texnik sessiyalar, amaliy mashg‘ulotlar va real vaziyatlarga asoslangan ssenariylar orqali kasalliklarning tarqalishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni aniqlash va ularga munosib javob qaytarish usullarini ko‘rib chiqdilar.

Mashg‘ulotlarda bioxavfsizlik qoidalari, yovvoyi hayvonlar bilan xavfsiz muomala qilish, kuzatuv va erta ogohlantirish, kasallik tarqalishi holatlarini tekshirish hamda yovvoyi hayvonlar kasalliklari bilan bog‘liq xavflarni tahlil qilish masalalari qamrab olindi. Shuningdek, barqaror turizmni rivojlantirish va mahalliy hamjamiyatlar bilan samarali hamkorlik qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Amaliy mashg‘ulotlarning bir qismi shaxsiy himoya vositalarini to‘g‘ri tanlash va ulardan xavfsiz foydalanishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar yovvoyi hayvonlarning nobud bo‘lish holatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholash, ehtiyot choralarini ko‘rish va zarur hollarda tegishli mutaxassislarga murojaat qilish bo‘yicha bilimlarini mustahkamladi. Trening davomida IUCNning “Yagona salomatlik” yondashuviga oid qo‘llanmalari va ularni muhofaza etiladigan hududlarda amaliy qo‘llash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Hududlarning o‘ziga xos xavflari ham muhokama qilindi

“Zarafshon” milliy tabiat bog‘i ilmiy xodimi Alexandra Zaslavskayaning ta’kidlashicha, muhofaza etiladigan hududlarda yovvoyi hayvonlar va uy hayvonlarining o‘zaro aloqasi kasalliklar tarqalishi xavfini yuzaga keltirishi mumkin.

Uning qayd etishicha, tabiat bog‘i uzun va tor hududni egallagan, devor bilan o‘ralmagan hamda aholi yashash joylari bilan chegaradosh. Shu sababli chorva mollari bog‘ hududiga kirib, yovvoyi hayvonlar bilan aloqaga kirishishi mumkin. Bundan tashqari, qarovsiz itlar bilan bog‘liq muammolar ham kasalliklar tarqalishi xavfini oshirishi ehtimoldan xoli emas.

Mutaxassis trening hududdagi mavjud xavflarni boshqarish salohiyatini mustahkamlashga, shuningdek, sog‘lom ekotizimlar, yovvoyi tabiat va mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlashga yordam berishiga umid bildirdi.

Mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytiriladi

Treningni olib borgan One Health Science tashkilotining yovvoyi tabiat veterinariya shifokori va bioxavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi doktor Mark Valituttoning ta’kidlashicha, zoonoz kasalliklar xavfini kamaytirish uchun har bir mutaxassis o‘z vazifasini va qaysi holatlarda boshqa soha vakillarini jalb qilish kerakligini bilishi lozim.

Masalan, muhofaza etiladigan hudud xodimi hayvonning noodatiy xatti-harakati yoki kasallik alomatlarini birinchi bo‘lib aniqlashi mumkin. Veterinar ushbu holatning hayvonlar salomatligiga ta’sirini o‘rganadi, jamoat salomatligi mutaxassislari esa insonlar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholaydi.

Bunday hamkorlik kuzatuv natijalarining tezkor va xavfsiz tarzda tegishli mutaxassislarga yetkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Natijada ehtimoliy xavflarni erta aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkoniyati oshadi.

Harakat rejalari ishlab chiqildi

Trening yakunida ishtirokchilar o‘zlari faoliyat yuritadigan muhofaza etiladigan hududlar uchun “Yagona salomatlik” yondashuvi asosida harakat rejalarini ishlab chiqishga qaratilgan mashg‘ulotda qatnashdi.

Ikki kun davomida olingan bilimlar va amaliy tajribaga tayangan holda, ular kuzatuv tizimini kuchaytirish, zoonoz kasalliklar bilan bog‘liq ehtimoliy xavflarni boshqarish hamda tabiatni muhofaza qilish, ilmiy tadqiqot va bioxavfsizlik sohalari mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilash bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilab oldi.

Ma’lumot uchun, “Yagona salomatlik”  — insonlar, hayvonlar va atrof-muhit salomatligi o‘zaro chambarchas bog‘liqligini e’tiborga oladigan yondashuv. U kasalliklarning oldini olish, sog‘liq uchun xavflarni kamaytirish va turli soha mutaxassislarining hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan.